Sunʼiy intellektli chatbotlar musobaqasi qizib bormoqda va endi Google Gemini‘ga foydalanuvchini boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunish imkoniyatini bermoqchi. Google Labs va Gemini prezidenti Josh Vudvord taʼkidlashicha, Gemini nafaqat inson bilan avvalgi suhbatlarni eslab qoladi, balki uning Gmail, Google Taqvim va YouTube kabi boshqa ilovalardagi harakatlaridan ham o‘rganadi.

Aprel oyida OpenAI ChatGPT xotirasini sezilarli darajada kengaytirishini, yordamchiga foydalanuvchi bilan o‘tgan yozishmalariga murojaat qilish va bu maʼlumotlardan keyingi javoblarni moslashtirish uchun foydalanish imkonini berishini eʼlon qilgan edi. Kompaniya fikriga ko‘ra, bunday javoblar foydalanuvchining qiziqishlari, odatlari va afzalliklariga ko‘proq mos keladi, bu esa qulay va foydali muloqotni taʼminlaydi.
Google esa buning o‘zi bilan chegaralanib qolmaslikka ahd qildi. Yaqin kelajakda kompaniya Gemini‘ga foydalanuvchining o‘tmishdagi suhbatlari va sunʼiy intellekt tarixiga kirishni ochadi, so‘ngra “shaxsiylashtirilgan kontekst” maʼnosini anglatuvchi pcontext funksiyasini ishga tushiradi. Hozircha bu funksiya kompaniya ichida sinovdan o‘tkazilmoqda. U foydalanuvchining Google ekotizimidagi hisobidan maʼlumotlarni olish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu Gemini‘ga foydalanuvchi hayotini chuqur tushunish imkonini beradi. Xususan, Gmail, Google Fotolar, Google Taqvim, Google Qidiruv va YouTube tilga olingan. Kompaniya Gemini‘ni yana-da faolroq qilmoqchi, ammo aynan nimani nazarda tutayotgani haqida aniq maʼlumot bermadi. Ehtimol, sunʼiy intellekt yordamchisi o‘z tashabbusi bilan jadval, veb-qidiruv tarixi va foydalanuvchining elektron pochta qutisidagi faolligini hisobga olgan holda foydali takliflar bera boshlaydi.
Shunday chuqur integratsiya, shubhasiz, maxfiylik masalasini ko‘taradi. Google foydalanuvchilar haqida juda ko‘p maʼlumotlarni saqlaydi, endi bu maʼlumotlarni sunʼiy intellekt tizimiga ochish va ular bilan amallar bajarish imkoniyati – bu navbatdagi oldinga qo‘yilgan qadamdir. Shu sababli, kompaniya Gemini ushbu maʼlumotlarga kirishdan oldin foydalanuvchilardan aniq ruxsat so‘rashiga kafolat berdi. Janob Vudvordning taʼkidlashicha, bu Gemini‘ni yana-da “shaxsiy, faol va qudratli” qilish yo‘lidagi qadamdir. U tez orada bu haqda yangi maʼlumotlar eʼlon qilinishiga ishora qildi.