Amerikaning AeroVironment mudofaa kompaniyasi yangi Mayhem 10 avtonom dronini namoyish qildi. Uchuvchisiz qurilmaning modulli tuzilishi unga turli vazifalar va jangovar sharoitlarga tez moslashish imkonini beradi. Dron razvedka olib borish, radioelektron kurash (REK), aloqa signallarini retranslyatsiya qilish (uzatish) yoki zarba berish operatsiyalari uchun oson almashtiriladigan bosh qismlar bilan jihozlanishi mumkin.

Image credit: hightech.plus

Mayhem 10 tizimi ilg‘or avtonomlik, modulli dizayn va uzoqroq parvoz masofasiga urg‘u berilgan mashhur Switchblade kamikadze-dronlari oilasi asosida loyihalashtirilgan. Platforma 4,5 kg foydali yukni ko‘tara oladi, 100 km dan ortiq masofada harakatlanadi va 50 daqiqagacha havoda qolishi mumkin. Interesting Engineering nashrining yozishicha, dronni jangovar holatga keltirish va uchirish uchun atigi besh daqiqadan kamroq vaqt ketadi.

Mayhem 10 ochiq modulli platforma asosida yaratilgan. Dronning yechib olinadigan old qismi foydali yukni tezda almashtirishga hamda qurilmani razvedka, REK, chalg‘ituvchi nishonlar bilan operatsiyalar o‘tkazish, aloqani retranslyatsiya qilish va yuqori aniqlikdagi zarbalar berishga tayyorlash imkonini beradi. U havo, quruqlik yoki dengiz platformalaridan turib ham uchirilishi mumkin, bu esa amaliyotlar qamrovini kengaytirib, harbiylar uchun xavfni kamaytiradi. Boshqaruv tizimi «to‘da» bo‘lib harakat qilish (bir nechta dronlarning maqsadli hudud qamrovini kengaytirish va jangovar harakatlarni sinxronlashtirish uchun birgalikda harakat qilishi) funksiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi.

AeroVironmentning ta’kidlashicha, sun’iy intellektga asoslangan avtonom tizim dronga signallar bo‘g‘ib tashlangan, spufing (signalni qalbakilashtirish) qo‘llanilgan yoki GPS umuman mavjud bo‘lmagan murakkab sharoitlarda ham ishlash imkonini beradi. Avtonomlik algoritmlari hozircha laboratoriyada sinovdan o‘tkazilgan, to‘laqonli real parvoz sinovlari esa hali oldinda.

Kompaniya oyiga 240 dona Mayhem 10 ishlab chiqarishga tayyor ekanini bildirdi. Ommaviy ishlab chiqarish joriy yilda boshlanishi kutilmoqda. Hozircha Pentagon ushbu dron modeliga rasmiy buyurtma bermagan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan