OpenAI kompaniyasi o‘zi ishlab chiqayotgan Astra sunʼiy intellekt (SI) modeliga kiberxavfsizlik sohasidagi eng yuqori – “kritik” xavf darajasini belgiladi. Rahbariyat bunday qarorga algoritmning ilg‘or xakerlik qobiliyatlariga ega ekanligini ko‘rsatgan ichki sinovlardan so‘ng keldi. Ishlab chiquvchilarning baholashicha, mazkur model to‘laqonli kiberqurol sifatida eʼtirof etilish arafasida turibdi. Maʼlumot o‘rnida, 2023 yil oxirida joriy etilgan tayyorgarlikni baholash tizimi (Preparedness Framework) OpenAI‘ning sunʼiy intellekt algoritmlaridagi xavflarni kuzatish uchun asosiy ichki tartibi bo‘lib xizmat qiladi. Kompaniyaning avvalgi flagman ishlanmalari, jumladan, GPT-5.6-Sol ham tekshiruvlardan so‘ng “Yuqori daraja” toifasida qolgan edi. Shu tariqa, Astra ushbu xavf chegarasidan o‘tgan birinchi model bo‘ldi.

OpenAI qoidalariga ko‘ra, agar model himoyalangan real tizimlarga qarshi nolinchi kun zaifliklarini (zero-day vulnerabilities) mustaqil ravishda aniqlab, ulardan foydalana olsa, u kritik toifaga kiritiladi. Bundan tashqari, ushbu guruhga inson aralashuvisiz keng ko‘lamli va murakkab kiberhujumlarni amalga oshira oladigan SI agentlari ham kiradi. Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, Astra bo‘yicha yakuniy sinovlar hali tugallanmagan, modelning o‘zi esa Hugging Face platformasidagi so‘nggi hodisalarga aloqador emas.
Aniqlangan xavflarga javoban OpenAI ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish qoidalarini yana-da kuchaytirdi. Muhandislar loyihani tarmoqqa kirish imkoniyati cheklangan izolyatsiyalangan sinov tizimlariga o‘tkazdi, model vaznlarini (weights) shifrlashni hamda yopiq ijro muhitlarini joriy qildi. Natijada, yangi talablarga javob bermaydigan Astra ustidagi barcha ishlar vaqtincha to‘xtatildi. Shuningdek, o‘qitish va sinov paytida Astra SI agentlarining mulohazalar zanjiri (chain of thought) uzluksiz monitoring qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Maxsus xavfsizlik algoritmlari real vaqt rejimida model mantig‘ini tahlil qiladi va potensial xavfli xatti-harakatni aniqlagan zahoti sessiyani avtomatik tarzda bloklaydi. Bunday yondashuv yuqori xavfli harakatlarni ular amalga oshirilmasidan oldin o‘z vaqtida to‘xtatib qolish imkonini beradi.
Model bozorga chiqishidan oldin OpenAI uni tekshirishga tashqi ekspertlar va davlat organlarini jalb qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Astra‘ni tashqi stress-testlarni o‘tkazish uchun sunʼiy intellekt xavfsizligi bo‘yicha mustaqil guruhlarga hamda tegishli idoralarga topshiradi. OpenAI‘ning qayd etishicha, ular 2025 yilda tizimlari biologik tahdidlar sohasida yuqori xavf darajasiga yaqinlashganda ham xuddi shunday protokoldan foydalangan. Qatʼiy cheklovlarga qaramay, ishlab chiquvchilarning uzoq muddatli maqsadi o‘zgarishsiz qolmoqda – Astra‘dan jahon raqamli infratuzilmasini mustahkamlash uchun foydalanish. OpenAI barcha xavfsizlik talablari bajarilgach, model kiberxavfsizlik mutaxassislariga taqdim etilishiga umid qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, himoya guruhlariga dasturiy taʼminotdagi zaifliklarni yovuz niyatli shaxslar ulardan foydalanishga ulgurmasidan oldin topish va bartaraf etish imkonini beradi.