Jahon fond bozorlarida texnologiya kompaniyalari aksiyalari beqarorlashib turgan bir paytda, Xitoyda ularning narxi allaqachon keskin quladi. Bunga sunʼiy intellektga boʻlgan talab istiqbollari, Xitoy texnologiyalari eksportiga qoʻyilishi mumkin boʻlgan cheklovlar va kompaniyalar aksiyalarining haddan tashqari qimmat baholangani bilan bogʻliq xavotirlar sabab boʻldi.

Xitoy sunʼiy intellekt va yarimoʻtkazgichlar sohasining yetakchi kompaniyalarini qamrab olgan STAR50 indeksi iyul oyidagi eng yuqori koʻrsatkichidan toʻrt oyga yetmay 40 foizga pasaydi. Natijada ushbu kompaniyalarning jami bozor qiymati qariyb 480 milliard dollarga qisqardi. Bu holat nafaqat beqaror jahon fond bozorlari uchun tashvishli ishora, balki Xitoy hukumatining sunʼiy intellekt sohasini moliyalashtirish maqsadida aholi jamgʻarmalarini aksiyalar bozoriga jalb qilish harakatlariga ham jiddiy zarba boʻldi.

Aksiyalar narxining keskin tushishi iqtisodiyotni ragʻbatlantirish haqidagi vaʼdalar ortidan boshlangan va ikki yil davom etgan bozor oʻsishini ham toʻxtatdi. Shu bilan birga, Pekinning fond bozoridagi uzoq yillik keskin oʻsish va qulash davrlaridan voz kechib, barqaror va uzoq muddatli oʻsishni taʼminlash rejalari ham savol ostida qoldi. Xitoyning yirik va yetakchi kompaniyalari aksiyalarini qamrab olgan CSI300 indeksi iyun oyidagi eng yuqori koʻrsatkichidan taxminan 20 foizga pasaydi.

“Fond bozori oxir-oqibat aksiyalar narxining spekulyativ va haddan tashqari tez oʻsishiga asoslangan maydonga aylanib qolgan edi. Endi esa oʻsha shishirilgan pufakning yorilayotganiga guvoh boʻlyapmiz”, – deydi Pekinda faoliyat yurituvchi fond menejeri Dong Baojen.

Ushbu keskin pasayish Xitoy fond bozoridagi aksiyalar narxi Gʻarb va Osiyoning boshqa bozorlariga nisbatan ancha tez koʻtarilganidan keyin yuz berdi. Bu holat AQSHdagi sunʼiy intellekt kompaniyalari aksiyalarida kuzatilgan nisbatan yengil pasayishdan keskin farq qiladi. AQSHda SI kompaniyalari aksiyalarining arzonlashishi Nasdaq Composite indeksining uch hafta avval qayd etilgan rekord darajadan 6 foizga tushishiga sabab boʻlgan.

Xitoyda aksiyalarning ommaviy sotilishiga yagona, aniq bir omil turtki boʻlmagan. Biroq treyderlarning taʼkidlashicha, bunga aksiyalar narxining haddan tashqari yuqoriligi, soliq toʻlovlari bilan bogʻliq moliyaviy majburiyatlar hamda AQSH yoki boshqa davlatlarning oʻz maʼlumotlar markazlarida Xitoy uskunalaridan foydalanishni taqiqlashi mumkinligi haqidagi xavotirlar birgalikda taʼsir koʻrsatgan.

Goldman Sachs maʼlumotlariga koʻra, sunʼiy intellekt bilan bogʻliq aksiyalar Xitoy fond bozori kapitallashuvining 42 foizini, qitʼadagi A-aksiyalar va Gonkongdagi N-aksiyalar savdo aylanmasining esa 57 foizini tashkil etgan. Asosan kichik, xususiy investorlar ustunlik qiladigan ushbu bozorda narxlar qulashi oqibatida zarar koʻrmaganlar juda kam qoldi.

Chakana investorlarning sevimli aksiyalari qulamoqda

Robotlar ishlab chiqaruvchi Unitree kompaniyasi aksiyalariga birjaga chiqish jarayonida chakana investorlar tomonidan bildirilgan talab taklifdan 8000 baravar yuqori boʻlgan edi. Biroq kompaniya aksiyalari avgust oyida savdolar boshlanganidan buyon ikki baravar arzonlashdi. Chip ishlab chiqaruvchi CXMT kompaniyasi esa soʻnggi bir oy ichida bozor qiymatining toʻrtdan biridan koʻprogʻini yoʻqotdi.

Oʻtgan yili birjadagi ilk savdolarida aksiyalari mos ravishda 700 va 400 foizga qimmatlashgan MetaX Integrated Circuits va Moore Threads Technology chip ishlab chiqaruvchilarining aksiyalari ham iyul oyidan buyon ikki baravar qadrsizlandi.

Xaynan provinsiyasida yashovchi kichik biznes egasi va investor Chen Venshenning aytishicha, u Unitree kabi kompaniyalar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganiga ishonib, aksiyalar qimmatlashayotgan paytda ularni sotib olgan. Bunday ishonchning shakllanishiga kompaniya investorlari orasida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan jamgʻarmalar ham borligi taʼsir koʻrsatgan. Biroq endi Chen va uning doʻstlari katta zarar koʻrmoqda.

Pekin tomonidan qoʻllab-quvvatlangan investitsiya yoʻnalishining bunday natija bilan yakunlanganidan hafsalasi pir boʻlgan koʻplab investorlar oʻz mablagʻlarini nisbatan xavfsiz aktivlarga yoʻnaltirmoqda. Bu esa texnologiya kompaniyalarining aksiyalar chiqarish orqali yangi sarmoya jalb qilish imkoniyatlarini yanada cheklashi mumkin.

Optik komponentlar ishlab chiqaruvchi Zhongji Innolight va Eoptolink Technology kompaniyalari aksiyalari iyun va iyul oylaridagi eng yuqori koʻrsatkichlaridan taxminan 60 foizga pasaydi. Bunga qisman Vashingtonning ushbu kompaniyalarga AQSH maʼlumotlar markazlarini uskunalar bilan taʼminlashni taqiqlash yoʻlidagi harakatlari sabab boʻldi.

Shu bilan birga, Xitoy texnologik kompaniyalari aksiyalarining bozor bahosi keskin pasayganiga qaramay, ular hali ham AQSHdagi muqobil aksiyalarga nisbatan qimmat hisoblanadi. STAR50 indeksi tarkibidagi kompaniyalar aksiyalari narxining ularning soʻnggi 12 oylik foydasiga nisbati – P/E multiplikatori – qariyb 250 baravarlik eng yuqori darajadan tushgan boʻlsa-da, hozir ham 100 baravar atrofida saqlanmoqda.

Taqqoslash uchun, AQSHning Nasdaq 100 indeksida ushbu koʻrsatkich 30 baravar atrofida. Bu farq investorlarda Xitoy aksiyalarining ommaviy sotilishi va narxlar pasayishi hali davom etishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

“Hozir sodir boʻlayotgan voqealar birjaga chiqishga urinayotgan koʻplab kompaniyalarning yoʻlini toʻsib qoʻyadi”, – deydi Gonkongdagi Lotus Asset Management kompaniyasining boshqaruvchi hamkori va bosh investitsiya direktori Xong Xao.

“Har qanday pufak muqarrar yoriladi”

Aksiyalar bozoridagi haddan tashqari qizgʻin savdolar va ularning oqibatlari Xitoy hukumatining bozor barqarorligini taʼminlashga qaratilgan siyosatiga zid kelmoqda. Pekin qarz mablagʻlari hisobiga aksiyalar savdosini amalga oshirish va yuqori chastotali savdolarni cheklash orqali bozordagi keskin tebranishlarni kamaytirish hamda investitsiyalar daromadliligini yaxshilashga harakat qilib kelmoqda.

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan investorlar ham aksiyalar narxi koʻtarilgan paytda ularni sotish orqali bozordagi haddan tashqari tez oʻsishni jilovlashga intilgan.

Xitoyning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish komissiyasi (CSRC) Reuters agentligi tomonidan oʻtgan hafta faks orqali yuborilgan savollarga darhol javob bermagan.

Komissiya raisi Vu Sin oktyabr oyi boshida kapital bozorlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni tinglash maqsadida bozor ishtirokchilari bilan uchrashgan. Bu haqda regulyator oʻz rasmiy saytida maʼlum qilgan. Investitsiya hamjamiyatining ayrim vakillari esa texnologik aksiyalar atrofidagi haddan tashqari qizgʻin savdolar bozorning umumiy tuzilmasiga salbiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidlamoqda.

“Asosiy indekslarda texnologik kompaniyalarning bozor qiymati boʻyicha ulushiga, yaʼni “texnologik tarkib”ga haddan tashqari urgʻu berish kapital harakatining izdan chiqishiga, hatto buzilishiga olib keladi”, – deydi Pekinda joylashgan Qianchuang Capital kompaniyasi hamkori Leo Van.

Uning fikricha, bunday yondashuv ayrim sohalarda ulkan moliyaviy pufak paydo boʻlishiga, boshqa tarmoqlardan esa mablagʻlarning jiddiy ravishda chiqib ketishiga sabab boʻlgan.

Biroq ayrim bozor ishtirokchilari aksiyalar narxining keskin tushishida ijobiy jihatlarni ham koʻrmoqda. Ularning fikricha, bu jarayon uzoq muddatga moʻljallangan bozor islohotlari uchun kutilmagan hodisa ham, albatta zararli jarayon ham emas. Soʻnggi yillardagi islohotlar investitsiyalar daromadliligini, xususan, muntazam daromad olish imkoniyatlarini yaxshilashda muayyan natijalar bergan.

HSBC tadqiqotiga koʻra, Osiyo investitsiya fondlari soʻnggi uch oy davomida Xitoy aksiyalarini asosan sotgan boʻlsa-da, ularning portfellarida Xitoy aktivlarining ulushi hali ham etalon koʻrsatkichlarga nisbatan yuqori boʻlib qolmoqda.

Goldman Sachs oktyabr oyi boshida eʼlon qilgan yangilangan investitsiya tavsiyalari roʻyxatiga Xitoyning oʻnlab sunʼiy intellekt kompaniyalari qatorida Zhongji Innolight va CXMT aksiyalarini ham kiritgan. BNP Paribas Securities strategi Uilyam Bratton esa bozordagi hozirgi vaziyat ehtiyotkor investorlar uchun aksiyalarni nisbatan arzon narxlarda sotib olish imkoniyatlarini yaratayotganini taʼkidlagan.

Shunga qaramay, Xitoydagi koʻplab investorlar hozircha boshqa sohalarga eʼtibor qaratmoqda yoki texnologiya kompaniyalari aksiyalarining yanada arzonlashishini kutmoqda.

“Xitoyning boshqa barcha ishlab chiqaruvchilari singari, chip ishlab chiqaruvchilar va sunʼiy intellekt sohasi yetkazib beruvchilari ham oxir-oqibat narxlar urushiga kirishadi”, – deydi Shanghai Zhuozhu Investment Management kompaniyasi hamkori va fond menejeri Van Chjuo.

“Bundan hech kim mustasno emas. Har qanday pufak, shubhasiz, bir kun yoriladi”, – deya qoʻshimcha qildi u.

Manba: Reuters, 2026-yil 26-oktyabr.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan