Shvetsiya hukumati devonxonasi – Regeringskansliet 26-oktyabr, dushanba kunidan xodimlarining ish kompyuterlarida ChatGPT va Claudeʼning veb-versiyalariga kirishni blokladi. Qaror xizmat maʼlumotlarini qayta ishlash va ularning xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq xavotirlar tufayli qabul qilingan. Cheklov aynan devonxona xodimlarining xizmat kompyuterlariga tegishli.
Euronews maʼlumotiga koʻra, rasmiylarni himoya talab qiladigan maʼlumotlarni maxsus kelishuvlarsiz tashqi SI xizmatlariga kiritish ehtimoliy oqibatlari tashvishga solgan. Xususan, bunday axborotning saqlab qolinishi va keyinchalik modellarni oʻqitishda ishlatilishi mumkinligi haqida xavotir bildirilgan.
Devonxonaning raqamlashtirish boʻyicha direktori Mikael Vetterkrans ichki axborot tarmogʻida maxsus kelishuvlarsiz SI xizmatlaridan foydalanish “axborot xavfsizligimiz uchun oqibatlarga olib kelishi mumkin”ligini taʼkidlagan. Tashkilot tomonidan tasdiqlanmagan texnologik vositalardan bunday foydalanish amaliyoti “yashirin AT” – shadow IT deb yuritiladi.
Xodimlarga muqobil vosita sifatida Microsoftʼning Copilot xizmati tavsiya etilmoqda. U devonxona tomonidan maʼqullangan boʻlib, oʻtkazilgan tekshiruvdan keyin uning xavfsizlik sozlamalari ham kuchaytirilgan. Devonxona matbuot xizmati xavfsizlik nuqtayi nazaridan bu oʻzgarishlar tafsilotlarini ochiqlamagan. Euronewsʼning yozishicha, mazkur xizmatdan foydalanish Microsoft va Shvetsiya hukumati oʻrtasidagi maxsus kelishuv bilan tartibga solinadi.
Shu bilan birga, ayrim xodimlar ChatGPT va Claude bilan maxsus platforma orqali ishlashda davom etadi. Devonxonaning SVT telekanaliga bergan yozma javobida ushbu platforma Intric deb atalishi koʻrsatilgan, yaʼni, idorada SI vositalaridan foydalanish tasdiqlangan xizmatlar va nazorat qilinadigan kirish kanallari orqali davom etadi.
Shvetsiya jamoat radiosi – Sveriges Radio xabar qilishicha, SIdan nazoratsiz foydalanish bilan bogʻliq muammolar boshqa davlat idoralarida ham kuzatilgan. Jumladan, Transport boshqarmasi – Trafikverketʼda shu yil oʻtkazilgan ichki audit oʻnga yaqin SI xizmatidan keng va xavfli tarzda foydalanilganini aniqlagan. Auditorlar ochiq SI xizmatlariga kiritilgan maʼlumotlarning himoyaga muhtojligi hamda SI yaratgan javoblar bilan ishlash tartibiga eʼtibor qaratgan.
ChatGPT va Claudeʼdan foydalanishga oʻxshash cheklovlar Shvetsiya Soliq boshqarmasi hamda Maxsus parvarish va davolash muassasalari davlat boshqarmasida – SiSʼda ham joriy etilgan. Shvetsiya Majburiy ijro xizmati – Kronofogden esa bu masalani koʻrib chiqmoqda. Hukumat devonxonasida DeepSeekʼdan foydalanish ham avvalroq cheklangan edi.
Oʻtgan hafta AQSHda ham DeepSeek boʻyicha cheklov haqidagi hujjat eʼlon qilindi. Unga koʻra, fuqarolik yoʻnalishidagi federal idoralarga DeepSeek mahsulot va xizmatlarini xarid qilish taqiqlangan. Shuningdek, DeepSeek va unga aloqador kompaniyalar mahsulotlarini, ushbu texnologiya asosida ishlab chiqilgan uchinchi tomon mahsulot va xizmatlarini mazkur idoralarning axborot tizimlaridan chiqarish belgilangan.