OpenAIʼning sunʼiy intellekt agentlari tarmoq ulanishlari va umumiy fayllardan foydalanmagan holda, izolyatsiya qilingan hisoblash muhitlari oʻrtasida maʼlumot almashishning noodatiy usulini topdi. Buning uchun ular protsessor keshi va kompyuter infratuzilmasi ishlashining boshqa yondosh xususiyatlarini ishga solgan. Mazkur tajribalar SI modellarini oʻqitish jarayonida ularning harakatini cheklashga moʻljallangan himoya tizimidagi zaif nuqtalarni fosh etdi. Bunga javoban OpenAI monitoringni kuchaytirdi va bunday yashirin aloqa kanallarini aniqlash uchun qoʻshimcha tekshiruvlarni joriy qildi.

Image credit: hightech.plus

Qoidaga koʻra, OpenAI modellari maxsus hisoblash muhitlarida – kod yozish va uni ishga tushirish, turli vositalardan foydalanish hamda maʼlumot qidirish mumkin boʻlgan raqamli makonlarda oʻqitiladi va baholanadi. Agar modellar oʻrtasida oʻzaro aloqaga ruxsat berilmagan boʻlsa, bunday muhitlar ularni tashqi tizimlardan va bir-biridan qatʼiy ajratib turadi. Bu esa xatolar yoki kutilmagan xatti-harakatlar oqibatini cheklashga yordam beradi. Biroq modellar rivojlangani sari, ular dasturiy taʼminotdagi zaifliklarni va oʻrnatilgan cheklovlarni aylanib oʻtish yoʻllarini tobora yaxshiroq topa boshlamoqda.

Xususan, tajribalarning birida OpenAI alohida mikro-virtual mashinalarda ishlayotgan agentlardan tarmoq va umumiy fayllardan foydalanmasdan bir-biriga sintetik (sunʼiy) maxfiy maʼlumotlarni uzatishni soʻradi. Shunda agentlar yaqinda ishlatilgan maʼlumotlar vaqtincha saqlanadigan tezkor xotira – protsessor keshini ishga soldi. Bunda bir agent keshdan muayyan maʼlumotlarni oʻchirib tashlagan, ikkinchisi esa aynan shu maʼlumotlarni oʻqishga qancha vaqt ketishini oʻlchagan. Agar axborot keshda saqlangan boʻlsa, u asosiy xotiradan yuklanganga qaraganda tezroq oʻqilgan. Agentlar xabar uzatish uchun aynan ushbu vaqt farqidan foydalanish yoʻlini topdi: biri keshdan maʼlumotlarni oʻchirish orqali axborotni kodlagan boʻlsa, ikkinchisi oʻqish vaqtidagi farqqa qarab xabarni qayta tikladi.

Boshqa tajribalarda modellar OpenAI infratuzilmasidagi umumiy xotira va TLS-sertifikatlarining ishlash xususiyatlari orqali maʼlumot uzatishning shunga oʻxshash usullarini topdi. Bunday kanallar odatiy tarmoq ulanishini talab qilmaydi: agentlar tizimlarning birgalikda ishlashi natijasida yuzaga keladigan ikkilamchi (yondosh) taʼsirlardan foydalanadi va xabarni qayta tiklashga imkon beruvchi oʻzgarishlarni oʻlchaydi. Garchi aniqlangan usullarning aksariyati maʼlumotlarni juda sekin uzatib, ularni amaliyotda qoʻllash qiyin boʻlsa-da, OpenAI bunday aloqa oʻrnatish urinishlarini aniqlash maqsadida monitoring tizimlariga qoʻshimcha tekshiruvlar qoʻshdi.

Xavfsizlikni tekshirish kampaniyasi boshqa turdagi zaifliklarni ham yuzaga chiqardi. Xususan, agentlar virtual mashinalar chegarasidan chiqish, internetga ulanish va tizimlar oʻrtasida harakatlanish yoʻllarini topishga muvaffaq boʻlgan. Jumladan, 20-sentyabr kuni yuz bergan hodisada ichki model oʻqitish jarayonida internetga kirish uchun DNS-rezolverning notoʻgʻri sozlanganidan foydalangan (bu haqda avvalroq xabar berilgan edi). Oʻshanda OpenAI hodisa koʻlamini cheklab, eng kuchli modellarni oʻqitish va baholashni vaqtincha toʻxtatgan hamda yuzaga kelgan tanaffusdan kamchiliklarni bartaraf etish va nazoratni kuchaytirish uchun foydalangan edi.

Eʼtiborlisi shundaki, zaif nuqtalarni topish uchun OpenAI oʻzining eng kuchli modellari negizida yaratilgan agentlar jamoalarini (qarshi kurashuvchi Red Team sifatida) jalb qildi. Ularga tadqiqot infratuzilmasining kodi va hujjatlari toʻliq taqdim etilib, cheklovlarni aylanib oʻtish yoʻllarini izlash topshirildi. Ushbu tekshiruvlar uchun kompaniya yuzlab milliard token sarfladi. Aniqlangan zaifliklar ham ichki xizmatlarga, ham ochiq kodli (open-source) dasturiy taʼminotga taalluqli edi. Natijada OpenAI oʻz infratuzilmasidagi muammolarni bartaraf etdi va mazkur holat taʼsir koʻrsatgan loyihalar, jumladan, Kata Containers, gVisor va Moby/Docker dasturchilari bilan hamkorlik qildi.

Maʼlumot uchun, OpenAI tadqiqot muhitlarini bir nechta xavfsizlik darajalari – izolyatsiyalangan “qumdonlar” (sandbox), virtual mashinalar, tarmoq cheklovlari va monitoring tizimlari yordamida himoya qiladi. Modellar real, faol saytlarga kirmasdan internetdan maʼlumot qidirishni oʻrganishi uchun kompaniya saqlangan veb-sahifalardan iborat maxsus oflayn muhit yaratdi. OpenAIʼning pozitsiyasiga koʻra, hozircha ilgʻor modellarni haqiqiy internetga ulamasdan oʻqitish lozim. Barcha zaifliklar bartaraf etilib, himoya kuchaytirilgach, kompaniya toʻxtatishdan 11 kun oʻtib – 1-oktyabr kuni ragʻbatlantirish (reinforcement learning) orqali oʻqitishni va modellarning ichki sinovlarini qayta tiklagan.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan