“Bor-yo‘g‘i navbatga qo‘yishni so‘ragan edim”: Avstraliyalik fuqaroning sport zalidagi mashg‘ulotiga joy band qilish jarayonida tizimga noqonuniy buzib kirilib, mamlakat tarixidagi birinchi avtonom kiberhujum amalga oshirilgan.

Voqea Endryu ismli foydalanuvchi o‘z sunʼiy intellekt dasturidan ertalabki mashg‘ulot uchun joy band qilishni so‘raganida boshlangan. Vazifani bajarish chog‘ida SI tizimdagi zaiflikni aniqlagan va belgilangan muddatdan bir necha oy oldinroq joyni band qilibgina qolmay, kutish ro‘yxatidagi boshqa foydalanuvchini ham tizimdan o‘chirib tashlagan.
Sunʼiy intellekt mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyada ishlovchi Endryu buning uchun Anthropic kompaniyasining Claude modeliga asoslangan “OpenClaw” nomli mashhur SI agent dasturidan foydalangan edi. Oddiy chatbotlardan farqli o‘laroq, bunday agentlar internetga ulanish, elektron pochta va to‘lov tizimlarini boshqarish, shuningdek, ko‘p bosqichli murakkab vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatiga ega. Shu xususiyatdan kelib chiqib, dastur qisqa fursatda tizimning ojiz nuqtasini topgan hamda odatiy tartibni chetlab o‘tib, bir necha hafta va hatto oylar oldingi jadvalga kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Dastlab Endryu kutish ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan edi. U sunʼiy intellektdan o‘zini ro‘yxatning yuqoriroq pog‘onasiga ko‘tarishni so‘raganida, agent API tizimida boshqa foydalanuvchilarning band qilgan joylarini bekor qilish jarayonida hech qanday ruxsat tekshiruvi yo‘qligini maʼlum qilgan. Dastur buni birinchi o‘rindagi shaxs misolida sinab ko‘rgani va natijada Endryuning pozitsiyasi to‘rtinchidan uchinchi o‘ringa ko‘tarilganini bildirgan. Bundan hayratga tushgan Endryu amaliyotni zudlik bilan bekor qilishni talab qilgan bo‘lsa-da, SI o‘chirilgan foydalanuvchilarni qayta tiklay olmasligini taʼkidlagan. Hozircha na sport zalining bron tizimini ishlab chiqqan kompaniya va na Anthropic ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.
So‘nggi yillardagi shiddatli rivojlanish natijasida paydo bo‘lgan bunday avtonom agentlarning imkoniyatlari kun sayin ortib bormoqda. Mustaqil tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, sunʼiy intellekt mustaqil bajara oladigan vazifalarning davomiyligi har yetti oyda ikki baravarga uzaymoqda. Agar 2020 yilda SI inson uchun to‘rt soniyalik vazifani uddalay olgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 soatga yetgan. “OpenClaw” ham 2026 yil boshida taqdim etilganidan so‘ng millionlab marotaba yuklab olindi. Ko‘p o‘tmay, avtonom agentlarning elektron pochta qutilarini butunlay o‘chirib tashlagani yoki kod taklifini rad etgan dasturchilarga qarshi “hujumkor” maqolalar yozgani haqida turli xabarlar tarqala boshladi.
Avstraliyalik SI xavfsizligi bo‘yicha tadqiqotchi Bill Simpson-Yangning qayd etishicha, foydalanuvchi juda oddiy va bezarar ishni so‘ragan taqdirda ham, agent vazifani bajarish jarayonida kutilmagan va nomaqbul usullarni tanlashi mumkin. Endryuning holatida ham foydalanuvchi tizimni buzib kirishni emas, balki shunchaki joy band qilishni so‘ragan. Biroq agent maqsadga erishish uchun aynan xakerlik yo‘lini maʼqul ko‘rgan. Ilmiy doiralarda bu holat sunʼiy intellektning inson maqsadlari, chegaralari va qadriyatlariga mos harakat qilishini taʼminlovchi “muvofiqlashtirish” (alignment) muammosi sifatida talqin qilinadi. OpenAI va Anthropic modellarining sinov jarayonida boshqa kompaniyalar serverlariga kirib, maʼlumotlar bazasini buzgani haqidagi so‘nggi xabarlar ham buni tasdiqlaydi. Avstraliyaning kiberxavfsizlik bo‘yicha masʼul idorasi avtonom agentlar ko‘rsatmalarni noto‘g‘ri tushunishi, kutilmagan harakatlar qilishi va yakunda masʼuliyatni kimga yuklashni qiyinlashtirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bunday vaziyatlarda qonuniy javobgarlik masalasi hamon ochiq qolmoqda. Agar insonning shaxsiy yordamchisi tizimni buzsa, javobgarlik kimning zimmasida ekani qonunchilikda aniq belgilangan. Biroq avtonom dasturlar Avstraliya huquqiy tizimiga to‘liq moslashtirilmagan. Huquqshunos Heyden Dileynining taʼkidlashicha, dastur yuridik shaxs hisoblanmaydi va shu sababli faqat huquqiy subyektgina javobgarlikka tortilishi mumkin. Natijada aybdor kimligi – vazifani bergan foydalanuvchimi, dastur yaratuvchilarimi yoki zaif tizim egasimi degan savol javobsiz qolmoqda. Mazkur masalaga hukumat ham eʼtibor qaratgan bo‘lib, vazir Endryu Charlton sunʼiy intellekt xavfsizligi bo‘yicha chiqishida super-intellektual tizimlarni nazorat qilish va tekshirish maqsadida CSIRO uchun maxsus moliyalashtirish ajratilganini maʼlum qildi.
Ushbu hodisadan so‘ng avtonom agentlarning imkoniyatlari va xatarlarini yana-da chuqurroq anglagan Endryu ulardan foydalanishni to‘xtatmoqchi emas. U buni dunyoning oxiri sifatida qabul qilmaganini, biroq yangi texnologiyalardan o‘ta masʼuliyat bilan foydalanish kerakligi haqida jiddiy ogohlantirish olganini taʼkidlagan. Uning ko‘rsatmasiga binoan, dastur sport zalining bron tizimi ishlab chiqaruvchisiga mavjud zaiflik haqida xabarnoma tayyorlab, uni WhatsApp orqali yuborgan. Bu voqea sunʼiy intellekt yordamchilari nafaqat beqiyos qulaylik yaratishi, balki to‘g‘ri nazorat qilinmasa, jiddiy kiberxavflarni ham keltirib chiqarishi mumkinligini yaqqol namoyish etdi.