OpenAIning mahsulotlarni ishlab chiqish bo‘limi rahbari Olivye Godemanning taxminiga ko‘ra, sun’iy intellekt (AI) yaqin yillarda farmatsevtika, dasturlash va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ish jarayonlarini tubdan o‘zgartiradi. Algoritmlar bugungi kunda oylab vaqt talab qiladigan vazifalarni avtomatlashtiradi va jarayonlarni optimallashtiradi. Ish o‘rinlarining asosiy qisqarishi aynan shu uch sektorga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Image credit: hightech.plus

Farmatsevtika kompaniyalari asosiy e’tiborni yangi dori vositalarini yaratishga qaratadi. Bu jarayon tadqiqot va tajribalarni, shuningdek, avtomatlashtirish mumkin bo‘lgan ko‘p mehnat talab qiluvchi ma’muriy vazifalarni o‘z ichiga oladi.

«Dori formulasi tasdiqlangandan to bozorga chiqqunga qadar oylar, ba’zan yillar o‘tadi. Sun’iy intellekt modellari esa allaqachon ulkan hajmdagi strukturalashgan va strukturalashmagan ma’lumotlarni qayta ishlash hamda hujjatlardagi o‘zgarishlarni kuzatishda a’lo natija ko‘rsatmoqda», — dedi Godeman «Unsupervised Learning» podkastida.

Godeman ofis ishini bir zumda to‘liq avtomatlashtirish imkonsiz ekanini, ammo dasturlash va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida AI muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganini ta’kidladi.

«Avtomatlashtirish hali dasturchi-muhandis ishini to‘liq egallash darajasiga yetmagan bo‘lsa-da, bu borada real istiqbollar mavjud», — dedi u.

Dasturlashda AI’dan foydalanish asta-sekin standart amaliyotga aylanmoqda. Indeed tadqiqotlariga ko‘ra, dasturiy ta’minot muhandislari, sifat nazorati (QA) muhandislari, mahsulot va loyiha menejerlari ko‘proq qisqartirishlarga uchragan. Bu texnologiyalarning mehnat bozoriga ta’siri kuchayib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, savdo va qo‘llab-quvvatlash xizmati (support) kabi mijozlar bilan bevosita ishlovchi lavozimlar yaqin yillarda avtomatlashtirilishi mumkin.

«Biz mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun T-Mobile bilan hamkorlik qilmoqdamiz va hozirdanoq hayratlanarli natijalarni ko‘ryapmiz. Bir-ikki yil ichida ko‘plab vazifalarni ishonchli tarzda avtomatlashtirish imkoni paydo bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.

Soha yetakchilarining fikricha, ma’lumotlarni kundalik tarzda qayta ishlaydigan ofis xodimlari yangi til modellari oldida eng zaif qatlam hisoblanadi. Sun’iy intellektning «valine’mati» deb ta’riflanuvchi Jeffri Xintonning so‘zlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan texnologiyalar aqliy mehnatda insonlardan o‘zib ketadi, garchi jismoniy harakat talab qiladigan kasblar hozircha «xavfsiz» bo‘lib turibdi.

Xinton yurist yordamchilari yoki koll-markaz xodimlari kabi kasb egalari yuqori xavf ostida ekanini ta’kidlaydi:

«Oddiy aqliy mehnat sohasida sun’iy intellekt shunchaki hammaning o‘rnini egallaydi».

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan