Sun’iy intellektning «otasi» hisoblangan Jeffri Xinton sohada «ijtimoiy» pufak shakllanayotganidan ogohlantirdi. Uning fikricha, asosiy xavf texnologiyalarning nomukammalligida emas, balki avtomatlashtirish oqibatlariga e’tiborsizlikdadir: ommaviy qisqartirishlar jamiyatni beqarorlashtirishi, bozor talabini pasaytirishi va natijada trillionlab dollarlik investitsiyalarni qadrsizlantirishi mumkin.
Xinton SI (sun’iy intellekt) pufagining ikki turini ajratib ko‘rsatadi. Birinchisi – texnologik imkoniyatlarni ortiqcha baholash bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi – ijtimoiy omillarni inobatga olmaslik ortidan kelib chiquvchi iqtisodiy hisob-kitoblardagi xatolardir.
Olimning so‘zlariga ko‘ra, SIining va’da qilingan vazifalarni bajara olish-olmasligiga doir shubhalar bilan bog‘liq birinchi turdagi pufak jiddiy xavf tug‘dirmaydi. «Texnologiya chindan ham ulkan ishlarni bajarmoqda», – deya ta’kidladi Xinton. Uning fikricha, xato va cheklovlar mavjudligiga qaramay, SI tizimlari doimiy ravishda takomillashib, ko‘plab masalalarni hal qilmoqda.
Ammo Xintonni xavotirga solayotgan ikkinchi turdagi pufak iqtisodiyot va SIni joriy etishning ijtimoiy oqibatlari bilan bog‘liq. Kompaniyalar xodimlar o‘rnini robotlarga almashtirish va daromadni oshirish ilinjida texnologiyaga sarmoya kiritmoqda, biroq buning ortidan keladigan keng ko‘lamli ijtimoiy o‘zgarishlarni hisobga olmayapti.
Agar SI sababli yuzaga kelgan ommaviy ishsizlik siyosiy beqarorlikni, regulyatorlar bosimini yoki iste’mol talabining pasayishini keltirib chiqarsa, kompaniyalar kutgan foyda ro‘yobga chiqmasligi mumkin. Jamiyatdagi vaziyat texnologiyani joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lmaydigan darajada o‘zgarsa yoki ishdan bo‘shagan xodimlar xarid qobiliyatini yo‘qotsa, hatto eng qudratli SI tizimlari ham samarasiz bo‘lib qoladi. Bunday holda pufak texnologiya sababli emas, balki jamiyatdagi o‘zgarishlar yetarlicha baholanmagani tufayli yoriladi.
Sun’iy intellekt allaqachon boshlang‘ich darajadagi lavozimlarni egallamoqda va kompaniyalarni ishga qabul qilish rejalarini qisqartirishga majbur qilmoqda. AQSHda bakalavr darajasiga ega 20–24 yoshlilar orasida ishsizlik darajasi 9,5 foizni, butun mamlakat bo‘yicha esa 4,4 foizni tashkil etmoqda.