Insoniyatda sunʼiy intellektda (SI) ong mavjudligini tasdiqlash uchun na nazariy asos, na aniq vositalar bor. Shu sababli, unga axloqiy maqom berish ham imkonsiz. Kembrijlik faylasuf Tom Makklelland shunday xulosaga keldi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda mashinalarning “aqlli” ekani haqidagi har qanday munozaralar faqat taxminiy mulohazalardan iborat bo‘lib, buni bilish imkonsiz ekanini tan olish – yagona oqilona nuqtai nazar bo‘lib qolmoqda. Hech bo‘lmaganda fan ongning asl mohiyatini ochib bermaguncha shunday bo‘ladi.
SI ongi haqidagi bahslarda tadqiqotchi ikkita asosiy yondashuvni ajratib ko‘rsatadi. Birinchi yondashuv tarafdorlari ongni o‘ziga xos “dasturiy taʼminot” deb hisoblashadi: agar uning tuzilishi qayta yaratilsa, SI hatto kremniy chiplarda ham ongli bo‘la oladi. Muxoliflar esa ong tirik organizm biologiyasi bilan uzviy bog‘liqligiga, har qanday raqamli nusxa esa shunchaki imitatsiya (taqlid) bo‘lib qolishiga ishonishadi. Makklelland “Mind and Language” jurnalidagi maqolasida shunday xulosa qiladi: ikkala pozitsiya ham “ko‘r-ko‘rona ishonch” bo‘lib, ularni hozircha ilmiy dalillar bilan tasdiqlash imkonsiz.
Olimning taʼkidlashicha, muammo fundamental xususiyatga ega: fan hali ham ongni nima paydo qilishini va u qanday ishlashini “tushunmaydi”. Shu bois, bizda sunʼiy intellekt haqiqatan ham ongga ega bo‘lishi mumkinligini aniqlashning ishonchli usuli yo‘q.
Olimning qayd etishicha, ongli kechinmalar sezuvchanlik fenomeniga – ijobiy va salbiy his-tuyg‘ularni (og‘riq yoki rohatni) boshdan kechirish qobiliyatiga bog‘liq. Aynan shu narsa subyektni axloqiy jihatdan ahamiyatli qiladi. Ushbu tarkibiy qismsiz mashinaning har qanday “ongi” betaraf bo‘lib qolaveradi va axloqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
“Masalan, yo‘lni mustaqil ko‘ra oladigan haydovchisiz avtomobillar – shubhasiz, katta yutuq. Biroq axloqiy nuqtai nazardan bu ko‘p narsani o‘zgartirmaydi. Agar o‘sha mashinalar manzilga nisbatan hissiy munosabat bildira boshlaganda edi, vaziyat butunlay boshqacha bo‘lardi”, – deydi Makklelland.
Axborotni qayta ishlash va qaror qabul qilishga qodir tizimlar ongga ega bo‘lishi shart emas. Agar SI mustaqillik va o‘zini anglashning yuqori darajasiga erishsa ham, modomiki unda hissiy tajribalar – azob chekish yoki zavqlanish qobiliyati yo‘q ekan, bu holat axloqiy jihatdan neytral bo‘lib qolishi mumkin.
Makklellandning urg‘ulashicha, sunʼiy ong atrofidagi texnologik shov-shuvlar ko‘pincha asossiz bayonotlarga yetaklaydi va eʼtiborni haqiqiy axloqiy muammolardan chalg‘itishi mumkin. Uning fikricha, SI ongi masalasiga eng sog‘lom yondashuv – qatʼiy hukm chiqarishdan tiyilishdir. Odamlar hozircha mashina ongga ega yoki yo‘qligini bila olmaydilar va ehtimol, hech qachon bila olmasliklari mumkin. Shu bilan birga, SIning faraziy ongiga haddan tashqari eʼtibor berish “zaharli xomxayol” (“ekzistensial toksiklik”)ni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatda odamlar mashinalarni ongli deb o‘ylab, ular bilan hissiy bog‘liqlik o‘rnatadilar va shu asosda noto‘g‘ri qarorlar qabul qiladilar.