OAVda AQSH Qurolli kuchlari Venesuela va Eron yetakchilariga qarshi qaratilgan operatsiyalar davomida Anthropic kompaniyasining Claude chat-botidan foydalangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa sun’iy intellektning (SI) harbiy sohaga naqadar shiddat bilan kirib borayotgani borasida yangi savollarni tug‘dirmoqda.
Amerika ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Claude chat-boti shu yilning yanvar oyidagi operatsiyada yordam bergan va uning natijasida Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro qo‘lga olingan. Keyinchalik Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyga qarshi operatsiyaga tayyorgarlik ko‘rishda ham ushbu tizimdan foydalanilgani haqida shunga o‘xshash xabarlar paydo bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, bu holatlar ilg‘or SI tizimlari AQSH harbiy operatsiyalarini rejalashtirish va razvedka ishlarini allaqachon qay darajada qo‘llab-quvvatlayotgani haqida tasavvur beradi.
«Ushbu vositalarning bunchalik tez joriy etilayotgani juda kutilmagan hol bo‘ldi. Ayniqsa, professional hamjamiyat ularni bunday maqsadlarda foydalanishga hali tayyor emas deb hisoblayotgan bir paytda», – deydi Amerikaning AI Now Institute tahliliy markazi SI bo‘yicha bosh ilmiy xodimi Heydi Xlaaf.
U Euronews Next nashriga bergan intervyusida:
«Biz bunday SI modellarining mukammal emasligi sababli ularning harbiy sohada samarali ishlay olishiga shubha qilamiz», – deb ta’kidladi.
Xlaafning eslatishicha, tadqiqotchilar yirik til modellari (LLM) ko‘pincha ishonchsiz yoki xato javoblar berishi («gallyutsinasiyalar») haqida ogohlantirib kelishgan. Bu esa harbiy operatsiyalar kabi yuqori xavfli sharoitlarda tizim o‘zini qanday tutishi borasida jiddiy xavotir uyg‘otadi.
Claude’dan foydalanish haqidagi xabarlar Tramp ma’muriyati Amerika armiyasini «AI-first» (birinchi navbatda SI) tamoyiliga o‘tkazish bo‘yicha ulkan strategiyani ilgari surayotgan bir paytda chiqdi. Ma’muriyat ushbu texnologiyani tezkor joriy etish Xitoy kabi raqiblardan ortda qolmaslik uchun hayotiy zarur ekanini ta’kidlamoqda.
«Biz SI rivojlanishida shoshilinchlikni his qilyapmiz»
Ekspertlarning Euronews Next nashriga tushuntirishicha, AQSH 2010-yillardan beri armiyada avtomatlashtirishning turli shakllaridan foydalanib keladi va bu yo‘nalish Trampdan oldingi prezidentlar – Barak Obama va Jo Bayden davrida ham diqqat markazida bo‘lgan.
London Qirolicha Mariya universiteti professori Elke Shvarsning aytishicha, SIning ilk modellari logistika, texnikaga xizmat ko‘rsatish va tarjima ishlarida qo‘llanilgan. Biroq Shvars va Xlaafning qayd etishicha, Trampning ikkinchi prezidentlik muddatida AQSH raqiblari bilan «SI sohasidagi qurollanish poygasi» doirasida OpenAI kompaniyasining ChatGPT yoki Anthropic’ning Claude kabi generativ SI modellarini joriy etishni tezlashtirmoqda.
Yevropa tashqi aloqalar kengashi (ECFR) tahliliy markazi ilmiy xodimi Giorgos Verdining fikricha, Amerika siyosati SIni rivojlantirishda «shoshilinchlik hissini» yuzaga keltirmoqda, chunki bu texnologiya mamlakatga raqiblari ustidan ustunlikni ta’minlovchi «o‘ta qimmatli vosita» sifatida ko‘rilmoqda.
Pentagonning AI Acceleration Strategy tashabbusi SI integratsiyasi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish va strategik loyihalarga investitsiya kiritish orqali AQSHning harbiy ustunligini saqlab qolishga qaratilgan.
«Asosiy g‘oya – SIni deyarli barcha sohalarga, jumladan, xavfsiz va shu bilan birga potensial jihatdan ko‘proq vayronkor yo‘nalishlarga ham joriy etishdir», – deydi Shvars.
U avvalgi ma’muriyatlar xavfsizlik tizimlarini yaratish va bunday texnologiyalarni tartibga soluvchi qoidalar masalasida ancha ehtiyotkor bo‘lganini qayd etdi.
Ushbu strategiya doirasida genai.mil ma’lumotlar bazasi yaratilgan bo‘lib, u rasmiylarga Google’ning Gemini va xAI’ning Grok kabi chat-botlaridan foydalanish imkonini beradi. Ma’muriyatning Big Beautiful Bill deb nom olgan 2025 yilgi byudjetida ham harbiy sohadagi SI loyihalariga yuzlab million dollar ajratilgan.
Hujjatda harbiy innovatsiyalar uchun 650 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan:
- 145 mln dollar – SI asosidagi dronlarga qarshi kurash tizimlariga;
- 250 mln dollar – «SI ekotizimini rivojlantirish»ga;
- 250 mln dollar – Kiberqo‘mondonlik markazida SI imkoniyatlarini kengaytirishga;
- 115 mln dollar – yadroviy xavfsizlik sohasidagi vazifalarni SI yordamida tezlashtirishga yo‘naltiriladi.
AQSH harbiylari hali ham SI chat-botlari bilan «sinov bosqichida»
Shvarsning aytishicha, bu sohada shaffoflik yo‘qligi sababli AQSH hukumati rejalari qanchalik ilgarilaganini aniqlash qiyin. «Muayyan o‘q-dori yoki qurol tizimidan farqli o‘laroq, siz aslida nima ishlatilayotganini ko‘rmaysiz. Hamma narsa interfeys orqali va sezilarli darajada „ko‘rinmas“ hududda sodir bo‘ladi».
Uning fikricha, Amerika harbiylari hozirda turli SI kompaniyalarining imkoniyatlari va cheklovlarini tushunish uchun tajriba o‘tkazishmoqda. Anthropic kompaniyasining AQSH harbiylari bilan imzolagan 200 million dollarlik shartnomasi ikki yil davomida milliy xavfsizlikni mustahkamlaydigan prototip yaratishni nazarda tutadi. Kompaniya vazirlik bilan birga «SIdan dushmanona maqsadlarda foydalanishni prognoz qilish va yumshatish», shuningdek, mudofaa tizimidagi xatarlarni aniqlash ustida ishlaydi.
Shvars bu tizimlarning real sharoitlarda sinalishi jiddiy axloqiy savollarni tug‘dirishini ta’kidlab: «Gap inson hayoti haqida ketganda, bu dahshatli amaliyotdir», – dedi.
Verdi esa, aksincha, Venesuela va Eron kontekstida ishlatilgan Claude kabi tizimlar bir xil turdagi va ko‘p vaqt talab etuvchi vazifalar, masalan, sun’iy yo‘ldosh suratlarini tahlil qilish uchun qo‘llangan deb taxmin qiladi.
«Inson razvedka ma’lumotlarining har bir bo‘lagini jismonan tahlil qila olmaydi. SI tizimi buni ancha tezroq bajaradi. Keyin esa odamlar ushbu xulosalarni talqin qilib, qaror qabul qiladilar».
Mutaxassislar avtonom qurollarga qiziqish ortib borayotganidan ogohlantirmoqda
Tadqiqotchilar AQSHda SI rolining kuchayishi vaqti kelib to‘liq avtonom qurol turlari yaratilishiga olib kelishidan xavotirda.
«Ishonchim komilki, SI yordamida to‘liq avtonom qurol yaratish va undan foydalanishga bo‘lgan qiziqish mavjud», – deydi Verdi. Xlaafning tushuntirishicha, avtonom qurol – bu inson ishtirokisiz nishonni aniqlaydigan, tanlaydigan va unga zarba beradigan tizimdir. «Ya’ni, inson SIdan tavsiya olib, qaror qabul qilishi o‘rniga, butun jarayon to‘liq avtomatlashtiriladi».
Bunday tizimlarni ishlab chiqish tarafdorlarining asosiy dalili shundaki, agar AQSH buni qilmasa, raqiblari oldinroq yaratib, ustunlikka ega bo‘ladi. Biroq Verdi va Xlaafning ta’kidlashicha, Xitoy SIni o‘z qurolli kuchlariga to‘liq integratsiya qilganini tasdiqlovchi ommaviy ma’lumotlar mavjud emas.
«Xitoyliklar bu texnologiyani nazoratdan chiqarib yuborishdan juda xavotirda», – deydi Verdi. Shuningdek, Rossiya, Eron yoki Shimoliy Koreyaning SI sohasidagi imkoniyatlari ancha pastligi aytilmoqda.
Verdi, shuningdek, to‘liq avtonom qurollar mojarolarning nazoratsiz eskalatsiyasiga (kuchayishiga) olib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi. London Qirollik kollejining yaqindagi tadqiqotiga ko‘ra, harbiy o‘yinlar simulyatsiyasining 95 foizida SI chat-botlari yadro qurolini qo‘llash tahdidini tanlagan.
Pentagonni «murakkab o‘tish davri» kutmoqda
Verdining fikricha, AQSH operatsiyalarda Claude yoki boshqa chat-botlardan foydalanishda davom etadi, chunki Venesuela va Erondagi missiyalar samarali deb baholanmoqda. Ammo bu muvaffaqiyat AQSHning texnologiyani yanada tezlashtirish uchun «himoya to‘siqlarini» bo‘shashtirishiga (inson nazoratini kamaytirishiga) olib kelishi mumkin.
Keyingi olti oy ichida AQSH hukumati Claude’dan asta-sekin voz kechadi, chunki Anthropic kompaniyasi harbiylarga o‘z texnologiyasidan cheksiz foydalanish imkoniyatini berishni istamadi. Kompaniya texnologiyaning ommaviy kuzatuv yoki avtonom qurollar yaratishda qo‘llanishidan xavotir bildirgan. Bu haqda AQSH mudofaa vaziri Pit Hegsetning bayonotida ham aytib o‘tilgan.
Anthropic ma’lumotiga ko‘ra, Claude AQSH hukumatining maxfiy tarmoqlarida, yadro laboratoriyalarida va razvedka tahlilida qo‘llaniladi. Shu bilan birga, Mudofaa vazirligi Anthropic bilan kelishuv to‘xtatilganidan bir necha soat o‘tgach, OpenAI bilan «tasniflangan (maxfiy) muhitlarda ilg‘or SI tizimlarini» joriy etish bo‘yicha yangi shartnoma imzoladi.
«Menimcha, vazirlikni murakkab o‘tish davri kutmoqda, ammo bu vazifani hal qilish mumkin», – deydi ekspert.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Claude tomonidan to‘plangan razvedka ma’lumotlari vazirlik ixtiyorida qoladi va kelgusida yangi texnologiya yetkazib beruvchilar tomonidan qo‘llaniladi.