Birlashgan Arab Amirliklari dunyoda birinchi bo‘lib, barcha aholisiga ChatGPT‘ning premium versiyasidan bepul foydalanish imkonini taqdim etadigan mamlakatga aylanadi.

Image credit: the-decoder.com

Xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, bu tashabbus BAA hukumati va OpenAI kompaniyasi o‘rtasidagi mintaqada sunʼiy intellektni rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli hamkorlikning bir qismi hisoblanadi.

Ushbu hamkorlik doirasida Abu-Dabida “Stargate UAE” nomli qudratli sunʼiy intellekt maʼlumotlarini qayta ishlash markazini barpo etish ham rejalashtirilgan. Axios nashrining maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu loyihaning birinchi bosqichi taxminan 200 megavatt quvvatga ega bo‘ladi va kelasi yilda yakunlanishi lozim. Markazning umumiy quvvati bir gigavattga yetadi.

Foydalanuvchilarga OpenAI‘ning eng so‘nggi vositalaridan foydalanish imkonini beruvchi ChatGPT Plus xizmatidan bepul foydalanish mamlakatning barcha aholisi uchun ochiq bo‘ladi. Bu xizmatdan allaqachon butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar taʼlim olish, dasturlash, matn yaratish, rejalashtirish va boshqa vazifalarni bajarish uchun faol foydalanmoqda.

BAA, shuningdek, AQSHda sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun Amirliklardagi shunga o‘xshash loyihalarga sarflangan mablag‘ga teng miqdorda sarmoya kiritishga rozilik bildirdi. Axios taxminlariga ko‘ra, bu AQSH va Fors ko‘rfazi mamlakatlari o‘rtasida taqsimlanadigan umumiy investitsiya hajmini 20 milliard dollargacha yetkazishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan