Hugging Face va Salesforce ko‘magida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, sun’iy intellekt til modellarida mulohaza yuritish (reasoning) funksiyasining yoqilishi ularning energiya iste’molini o‘rtacha 100 baravarga oshiradi. Ayrim hollarda bu farq juda ulkan: masalan, DeepSeek R1 modelining soddalashtirilgan versiyasi mulohaza funksiyasi o‘chirilganda bir so‘rov uchun 50 Vt·soat, yoqilganda esa 308 000 Vt·soatdan ortiq energiya sarflagan. Bu holat soha oldiga algoritmlarning quvvati va ularning ekologik barqarorligi o‘rtasidagi muvozanatni saqlashdek dolzarb masalani qo‘ymoqda.

Image credit: thehindubusinessline.com

Tadqiqot AI Energy Score loyihasi doirasida Hugging Face ilmiy xodimi Sasha Luchchoni va Salesforcening AI barqarorligi bo‘limi rahbari Boris Gamazaychikov tomonidan o‘tkazildi. Ular 40 ta ochiq manbali modelni, jumladan OpenAI, Google, Microsoft va Xitoyning DeepSeek kompaniyasi ishlanmalarini baholashdi. Barcha modellar bir xil kompyuterda va bir xil topshiriqlar (sport haqidagi oddiy savollardan tortib murakkab matematik masalalargacha) asosida sinovdan o‘tkazildi. Energiya sarfi real vaqt rejimida CodeCarbon vositasi orqali o‘lchandi.

Raqamlar hayratlanarli darajada farq qildi:

  • DeepSeek R1 (soddalashtirilgan): Mulohazasiz — 50 Vt·soat, mulohaza bilan — 308 186 Vt·soat.

  • Microsoft Phi 4: Faol mulohaza rejimida — 9462 Vt·soat, o‘chirilganda — 18 Vt·soat.

  • OpenAI gpt-oss: Farq nisbatan kamroq — maksimal mulohazada 8504 Vt·soat va past quvvatda 5313 Vt·soat.

Taqoslash uchun, avgust oyida Google e’lon qilgan ichki hisobotda Gemini AI xizmatining bir matnli so‘rov uchun o‘rtacha energiya sarfi 0,24 Vt·soatni tashkil etgani aytilgandi. Bu televizorni to‘qqiz soniyadan kamroq vaqt davomida ko‘rishga teng. Kompaniya bu ko‘rsatkich «ko‘plab ommaviy taxminlardan ancha past» ekanini ta’kidlagan.

Ushbu tadqiqot modellarning energiya samaradorligidagi farqlarni yaxshiroq tushunish va konkret vazifa uchun mos tizimni ongli ravishda tanlashga yordam beradi. Sasha Luchchonining ta’kidlashicha, «har qanday so‘rov ham eng ko‘p resurs talab qiladigan tizimlardan foydalanishni taqozo etmaydi» va energiya tarmoqlariga tushadigan yukni kamaytirish uchun AIdan oqilona foydalanish zarur.

Sun’iy intellekt industriyasida energiya iste’molining o‘sishi tahlilchilar va jamoatchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. So‘nggi besh yil ichida ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) yaqinidagi hududlarda elektr energiyasining ulgurji narxlari 267 foizga oshgan. Yangi data-markazlarning qurilishi esa yirik texnologiya kompaniyalarining iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash maqsadlariga erishishini qiyinlashtirmoqda.

Microsoft bosh direktori Satya Nadella ta’kidlaganidek, mulohaza yurituvchi modellar ommalashgani sayin soha vakillari «energiya iste’moli uchun jamoatchilik ruxsatini» olishi hamda AIdan iqtisodiy o‘sish va jamiyat farovonligi yo‘lida mas’uliyat bilan foydalanishi lozim.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan