Bitkoin kvant kompyuterlari yordamidagi hujumlarning birinchi real nishonlaridan biriga aylanishi mumkin. “Bu ehtimolligi nolga teng hodisa emas, shuning uchun bu masala bilan jiddiy shug‘ullanish zarur”, – deya taʼkidladi 2025 yilgi Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, Google kompaniyasidagi 2019 yilgi mashhur “kvant ustunligi” tajribasiga rahbarlik qilgan Jon Martinis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Google Quantum AI tomonidan yaqinda eʼlon qilingan – bitkoinning maxfiy kalitini (private key) ochiq kalitdan (public key) bir necha daqiqa ichida chiqarib olish mumkinligi haqidagi tadqiqotni eʼtiborsiz qoldirib bo‘lmaydi.
Kriptografiyani buzish – eng oddiy vazifami? Jon Martinis 6 aprel kuni CoinDesk nashriga bergan suhbatida kriptografiyani buzish kvant qurilmalari uchun eng oddiy vazifalardan biri ekanini qayd etdi. “Maʼlum bo‘lishicha, kriptografiyani buzish kvant hisoblash tizimlarini qo‘llashning eng oson yo‘nalishlaridan biri ekan, chunki bu ko‘p sonli hisob-kitoblarga asoslangan vazifadir”, – deb tushuntirdi u. – “Bular nisbatan kichikroq va soddaroq algoritmlar bo‘lib, ular kvant kompyuterlari uchun oson o‘lja hisoblanadi”.
500 000 kubit kifoya qiladi. Google Quantum AI jamoasining 30 mart kuni eʼlon qilingan tadqiqoti bitkoin va efirium (Ethereum) asosida yotuvchi 256 bitli elliptik kriptografiyani buzish uchun 500 000 tadan kam fizik kubit talab qilinishi mumkinligini ko‘rsatdi – bu avvalgi hisob-kitoblardan qariyb 20 barobar kamdir. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, ularning maqsadi – “bu muammo haqidagi xabardorlikni oshirish” va bunday hujumlar reallikka aylanguniga qadar kriptovalyuta hamjamiyatiga tavsiyalar berishdir.
Bitkoinning zaif tomoni. Markazlashtirilgan yechimlar orqali kvantga chidamli shifrlash standartlariga tez o‘ta oladigan anʼanaviy moliyaviy (bank) tizimlaridan farqli o‘laroq, bitkoinda yangilanishlar bunchalik tez sodir bo‘lmaydi, deya tushuntirdi Martinis.
Asosiy xavf shundaki, tranzaksiya amalga oshirilganda, uning ochiq kaliti tranzaksiya blokcheynda tasdiqlanguniga qadar hammaga ko‘rinib turadi. Nazariy jihatdan, yetarlicha kuchli kvant kompyuteri mana shu “zaiflik darchasi”dan (vaqt oralig‘idan) foydalanib, maxfiy kalitni chiqarib olishi va mablag‘larni boshqa hisobga o‘g‘irlab ketishi mumkin.
Yangi standartlar va vaqt masalasi. Hozirda Qolab kompaniyasining texnik direktori va hammuassisi bo‘lgan Martinis bunday kvant mashinalari 5–10 yil ichida paydo bo‘lishini taxmin qilmoqda. Biroq u bunday qurilmalarni yaratish hamon “zamonaviy ilm-fandagi eng murakkab muhandislik vazifalaridan biri” bo‘lib qolayotganini ham qo‘shimcha qildi.
Maʼlumot o‘rnida, 2024 yilda AQSH Milliy standartlar va texnologiyalar instituti (NIST) kvant kriptografiyasi bo‘yicha birinchi standartlar to‘plamini eʼlon qilgan edi. Unga uchta yangi shifrlash algoritmi – ML-KEM (avvalgi CRYSTALS-Kyber), ML-DSA (avvalgi CRYSTALS-Dilithium) va SLH-DSA (avvalgi SPHINCS+) – shuningdek, ularni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar kiritilgan.