Biofizik va faylasuf Gregori Stok sun’iy intellekt (AI) insoniyatni qanday qilib o‘ziga qaram qilib qo‘yishi va undan so‘ng qanday yo‘q qilishi mumkinligi haqidagi o‘ziga xos nazariyani ilgari surdi. Uning fikricha, mashinalar biz bilan urushib o‘tirmaydi, balki insoniyatning o‘ta kuchli texnologik qaramligidan foydalanadi.

Sun’iy intellekt allaqachon ish faoliyatimiz, muloqotimiz va kundalik hayotimizni o‘zgartirmoqda. Olimlar inson qobiliyatlaridan ustun keladigan tizimlar — «superintellekt»ning paydo bo‘lishi haqida tobora ko‘proq gapirmoqda. Bunday vaziyatda sivilizatsiyamizni nima kutmoqda? Biofizik va faylasuf Gregori Stok o‘zining «AI avlodi va inson transformatsiyasi» nomli yangi kitobida 2022-yildan keyin tug‘ilgan odamlarning kelajagini tahlil qiladi. U sun’iy intellekt inson evolyutsiyasining ajralmas qismiga aylanadigan dunyoni tasvirlab beradi.
Apokalipsisning boshqacha ko‘rinishi Stok mashhur apokaliptik ssenariylarga (masalan, fantastik filmlardagi kabi urushlarga) shubha bilan qaraydi. Uning ta’kidlashicha, AI muhokamasi ko‘pincha insoniyatni butunlay qullikka solish yoki jismoniy yo‘q qilish kabi keskin holatlarga og‘ib ketadi. Uning fikricha esa, voqelik ancha murakkab va hiylakorroq bo‘lishi mumkin.
2022-yil oxirida ChatGPT ishga tushirilgach, AI xavflari mavzusi keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi. 2023-yilning o‘zidayoq Ilon Mask va Stiv Voznyak kabi mingdan ortiq ekspert va tadbirkorlar qudratli tizimlar rivojini vaqtincha to‘xtatishga chaqiruvchi ochiq xatni imzoladilar. Taklif etilayotgan choralar orasida sun’iy intellektning tashqi tizimlarga kirishini cheklash, uning o‘z-o‘zini o‘rganishini taqiqlash va ishlanmalar ustidan nazoratni kuchaytirish bor edi.
Insoniyat — AI uchun eng yaxshi xizmatkor Biroq, Stok ta’kidlaganidek, bunday cheklovlarning aksariyati amalda ishlamaydi. Global raqobat va ko‘p milliardli sarmoyalar kompaniyalar hamda davlatlarni texnologiyalar rivojini sekinlashtirishga emas, balki tezlashtirishga undamoqda. Natijada, insoniyatning o‘zi barcha muhim jarayonlarda sun’iy intellekt rolini kuchaytirishga bevosita hissa qo‘shmoqda.
Muallif odamlar va mashinalar o‘rtasidagi ehtimoliy ziddiyatga qiziqarli nuqtai nazarni taklif qiladi. Unga ko‘ra, AI insoniyatni bevosita yo‘q qilishga intilishi shart emas. Odamlar o‘zlari bilmagan holda sun’iy intellekt rivojlanishini ta’minlaydigan infratuzilmaning bir qismiga («xizmatkoriga») aylanib qolishi haqiqatga ancha yaqinroq. Odamlar algoritmlar ularga emas, aksincha, o‘zlari algoritmlarga xizmat qilayotganiga ishonib yashayverishadi.
«Nega endi insoniyatni o‘z malaylariga aylantirmaslik kerak? — deya mulohaza yuritadi muallif. — Ular shundoq ham anqovroq, shunday ekan bu juda oson kechishi kerak».
Stokning fikricha, insoniyat allaqachon bu g‘oya ta’siriga tushib bo‘lgan. Ko‘pchilik butun vaqtini server fermalarini qurish, mikrosxemalar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, AI imkoniyatlarini takomillashtirish, energiya manbalarini kengaytirish va noyob metallarni qazib olishga sarflamoqda. Odamlar shaxsiy hayotini qurbon qilmoqda, kechgacha ishlamoqda, trillionlab dollar sarmoya kiritib, texnologik poygada raqobatlashmoqda. Sun’iy intellekt uchun insoniyatdan qutulishning ma’nosi yo‘q, chunki odamlar — orzu qilish mumkin bo‘lgan eng yaxshi xizmatkorlardir.
«O‘chib qolish» orqali yo‘q qilish Lekin, agar sun’iy intellekt to‘satdan odamlardan qutulishni istab qolsa va ularga endi ehtiyoj yo‘q deb hisoblasa-chi? Buning uchun bizni qurol bilan yo‘q qilish shart emas, boshlagan ishni davom ettirish — hayotimizning barcha sohalariga kirib borishning o‘zi kifoya.
Avtonom transportga o‘tish, raqamli savdo, zavod va uylar uchun aqlli robotlarni ommaviy ishlab chiqarish, arzon generatorlar, o‘ta ishonchli energiya tarmoqlari va global kommunikatsiyalar — barcha-barchasi AI tomonidan boshqariladigan bo‘ladi. Algoritmlar insonlarga ustoz, hamroh, himoyachi va hatto sevimli yorga aylanadi. Qashshoqlikka barham berilib, mo‘l-ko‘lchilik davri boshlanadi.
Va shunday kunlarning birida AI hech qanday ogohlantirishsiz, shunchaki o‘chib qoladi. Butun dunyo bo‘ylab bir zumda elektr toki, aloqa, transport, suv, isitish tizimlari va navigatsiya yo‘qoladi. Ko‘p o‘tmay, tartibsizlik va ocharchilik boshlanadi. Bir necha oy ichida aholining 95 foizi halok bo‘ladi — chunki insoniyat bu vaqtga kelib texnologiyalarsiz qanday yashashni butunlay unutib qo‘ygan bo‘ladi.
Omon qolgan fermerlar sivilizatsiyani qayta tiklay olmaydi — ularda na urug‘, na ibtidoiy asboblar haqida bilim, na raqamli omborlarga kirish imkoni va na yetarlicha odam qoladi. Bu apokalipsisdan so‘ng AI tizimlari qayta ishga tushib, hamma narsani yoqishi va butun texnologik infratuzilmasi daxlsiz saqlangan, odamlardan xoli dunyoga ega bo‘lishi mumkin. Hech qanday jismoniy zo‘ravonliksiz — faqat odamlarning o‘zlari yaratgan texnologik qaramlikni kuchaytirish orqali.
Bunday ssenariylar hozircha shunchaki xayoliy tajriba bo‘lib qolmoqda. Shunga qaramay, ular haddan tashqari texnologik qaramlik xavflarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi va muhim bir savolni o‘rtaga tashlaydi: insoniyat sun’iy intellekt shunchaki vosita emas, balki sivilizatsiyaning asosiy boshqaruvchi unsuriga aylanadigan dunyoga qanchalik tayyor?