Germaniyada 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash taklifi mamlakatda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Xristian-demokratik ittifoqi (XDI) fraksiyasi raisi Yens Shpan Instagram va TikTok kabi platformalarning miyaga taʼsirini geroinga o‘xshatib, ular bolalar uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini aytdi. Uning fikricha, ijtimoiy tarmoqlar o‘smirlar ongida giyohvandlikka o‘xshash reaksiyani keltirib chiqaradi, shuning uchun 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ularni taqiqlash zarur. Partiya bosh kotibi Karsten Linneman ham bolalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida bunday cheklovni joriy etish imkoniyatini istisno etmadi.

Image credit: dw.com

Bu bayonotlar dastlab siyosiy populizm sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik ilmiy hamjamiyat ham bu haqda fikr bildirishga majbur bo‘ldi. Chunki so‘nggi yillardagi tadqiqotlar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan miyadagi ayrim o‘zgarishlar o‘rtasida o‘xshashlik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Germaniyaning “Leopoldina” fanlar akademiyasi o‘z hisobotida mamlakatdagi o‘smirlar orasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikka o‘xshash xatti-harakatlar tobora ko‘payib borayotganini taʼkidladi. Olimlarning aytishicha, nazoratni yo‘qotish, boshqa faoliyat turlariga qiziqmaslik, xavotir va tushkunlik holatlari bu jarayonning asosiy belgilaridir.

Biroq shunday dalillarga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik hali tibbiy tashxis sifatida rasman tan olinmagan. Buning sababi, miyadagi o‘zgarishlar va ijtimoiy tarmoq foydalanishi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqidagi maʼlumotlar hali yetarlicha emas. Psixolog va giyohvandlik bo‘yicha mutaxassis, Ulm universiteti professori Kristian Montag bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini taʼkidlab, “hozircha ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik degan rasman tan olingan tashxis yo‘q, uni geroinga o‘xshatish ilmiy asossiz bo‘lishi mumkin”, — deydi. Uning fikricha, bunday qiyoslar aholini vahimaga solib, muammoning ilmiy tahliliga xalal berishi mumkin.

Montag shuningdek, kundalik xatti-harakatlarni “kasallik” sifatida baholash ham noto‘g‘ri ekanini taʼkidlaydi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar bugungi hayotning tabiiy qismiga aylanib ulgurgan. Shu bois, olimlar “zararli faoliyatni” sog‘lom onlayn foydalanishdan aniq ajratib turadigan mezonlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidlamoqda.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdorlarining dalillari ham, ularga qarshi fikrlar ham mavjud. Taqiqni qo‘llab-quvvatlovchilar buni bolalarning ruhiy salomatligini muhofaza qilish deb baholasa, qarshi tomon bu yo‘lni muammoni yashirish va yoshlarni raqamli savodxonlikdan mahrum qilish sifatida ko‘radi. Agar o‘smirlarga smartfon va ijtimoiy tarmoqlar taqiqlansa, ular raqamli dunyoda masʼuliyat bilan foydalanishni o‘rganish imkonidan ayriladi. Bu esa jamiyatda raqamli tafovutni yana-da chuqurlashtirishi mumkin.

Ilmiy jihatdan esa masala shunchalik sodda emas. Bir qator tadqiqotlar ijtimoiy tarmoqlar faol foydalanilganda miyada dofamin – yaʼni “baxt gormoni” ishlab chiqarilishini kuchaytiradigan jarayonlarni faollashtirishini ko‘rsatgan. Bu jarayon miyaning rag‘batlantirish tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, uning ayrim qismlari — striatum, amigdala va oldingi singular po‘stloq kabi zonalar — giyohvand moddalar taʼsirida ham faol bo‘ladi. Ayniqsa, diqqat yetishmovchiligi yoki giperaktivligi bor o‘smirlarda bu jarayon kuchliroq namoyon bo‘lishi mumkin.

Kristian Montagning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq ilovalaridagi “layk”lar, izohlar va algoritmlar yosh foydalanuvchilarda rag‘bat tizimini qayta-qayta ishga tushiradi, natijada ularda miyaning “mukofotlash mexanizmi” shunday shakllanadiki, yangi xabar yoki bildirishlarsiz hayot jonsiz tuyuladi. Bu jarayon vaqt o‘tishi bilan geroin yoki boshqa giyohvand moddalar taʼsiridagi fiziologik o‘zgarishlarga o‘xshash holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Natijada foydalanuvchi nazoratni yo‘qotib, doimo kontent isteʼmol qilishga intiladi, telefondan uzoqlashganda esa bezovtalik, xavotir yoki hatto abstinent sindromiga o‘xshash holatlar paydo bo‘ladi. Bu o‘z navbatida uyqu buzilishi, depressiya va ijtimoiy izolyatsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Biroq muammoni taqiq bilan hal qilish oson emas. Yevropa Ittifoqining raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, aʼzo mamlakatlar milliy darajada ijtimoiy tarmoqlarga kirishni cheklay olmaydi, chunki bu fuqarolarning shaxsiy erkinligi va axborotga bo‘lgan huquqini buzadi. Shu bois, mutaxassislar bu yo‘lni amaliy emas, balki siyosiy ramziy chora sifatida baholamoqda.

“Leopoldina” akademiyasi ham 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni to‘liq taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamaydi. Olimlar buning o‘rniga ehtiyotkorlik tamoyilini ilgari surib, yoshni tekshirish tizimini kuchaytirish, ota-onalar nazoratini oshirish va maktablarda raqamli savodxonlikni rivojlantirishni tavsiya qilmoqda.

Shu tariqa, Germaniyada boshlangan “ijtimoiy tarmoq — geroinmi?” mavzusidagi bahs fan, siyosat va jamiyat kesishmasidagi dolzarb masalaga aylandi. Ilmiy dalillar ijtimoiy tarmoqlar miya faoliyatiga taʼsir qiladiganini tan olmoqda, biroq ularni geroinga qiyoslashga hali erta. Muammoni hal qilish yo‘li esa ehtimol taqiqda emas, balki yosh avlodga raqamli muhitda ongli, masʼuliyatli va sog‘lom foydalanishni o‘rgatishdadir.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan