Buyuk Britaniya va daniyalik tadqiqotchilarning xulosalariga ko‘ra, katta til modellari asosidagi sunʼiy intellekt agentlari guruhlarda o‘zaro muloqot qilganda, ular tashqi boshqaruv yoki oldindan belgilangan ko‘rsatmalarsiz umumiy xulq-atvor qoidalarini mustaqil ravishda ishlab chiqishga qodir bo‘ladi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, sunʼiy intellekt agentlari o‘zaro muloqot orqali tilga oid kelishuvga erishadi va hatto, insonlarda bo‘lgani kabi, jamoaviy xurofotlarni shakllantiradi. Bu natijalar jamiyat meʼyorlari va qadriyatlariga moslasha oladigan axloqiy sunʼiy intellektni yaratish uchun muhim ahamiyatga ega.

Image credit: hightech.plus

Oldingi tadqiqotlarda katta til modellari alohida o‘rganilgan edi. Biroq, haqiqiy sunʼiy intellekt tizimlarida o‘zaro muloqot qiluvchi agentlar soni tobora ko‘payib bormoqda. Olimlar ushbu alohida modellar harakatlarni muvofiqlashtirishi va umumiy qoidalarni ishlab chiqishi mumkinmi, degan savolni o‘rtaga qo‘yishdi va natija buni tasdiqladi.

Tajribalar seriyasida 24 tadan 200 tagacha til modellari ishtirok etdi. Tasodifiy tanlangan agent juftliklari bir vaqtning o‘zida umumiy variantlar to‘plamidan “nom” (masalan, alifbo harfi yoki tasodifiy belgilar ketma-ketligi)ni tanlashlari kerak edi. Tanlov mos kelganda, ikkala agent ham mukofot olardi. Mos kelmagan holda esa jarima qo‘llanilgan, so‘ngra ishtirokchilarga bir-birining tanlovi ko‘rsatilgan.

Agentlar guruhda sodir bo‘lgan hamma narsani emas, balki faqat so‘nggi o‘zaro munosabatlarni eslab qolishdi. Aytish joizki, ularga guruhning bir qismi ekanliklari haqida xabar berilmagan edi. “Jamiyat”dagi ko‘plab bunday o‘zaro munosabatlardan so‘ng o‘z-o‘zidan nom tanlashning umumiy qoidasi paydo bo‘ldi. Bu yuqoridan hech qanday boshqaruv yoki tayyor yechim bo‘lmagan holda yuz berdi. Xuddi shu tarzda insonlar jamiyatida ham umumiy meʼyorlar vujudga keladi.

Yanada hayratlanarlisi, olimlar alohida agentlarning xususiyatlari bilan tushuntirib bo‘lmaydigan umumiy xurofotlarni aniqladilar. Bu sunʼiy intellektlar o‘rtasida, shunchaki ularning o‘zaro muloqoti jarayonida yuzaga kelgan.

Yakuniy tajriba o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan meʼyorlarning zaifligini ko‘rsatdi. Maʼlum bo‘lishicha, sunʼiy intellekt agentlarining kichik, ammo faol guruhlari butun tizimni yangi nomlash qoidalariga o‘tkazishga qodir ekan. Bu ijtimoiy fanlardagi “kritik massa” tushunchasiga o‘xshaydi – bu tashabbus yoki ijtimoiy o‘zgarish o‘zini o‘zi qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lishi uchun zarur bo‘lgan minimal miqdordagi odamlardir.

Tadqiqot natijalari to‘rt turdagi til modellaridan foydalanilganda ham o‘zgarishsiz qoldi: : Llama-2-70b-Chat, Llama-3-70B-Instruct, Llama-3.1-70B-Instruct va Claude-3.5-Sonnet.

Sunʼiy intellektlar o‘zaro munosabatga kirishganda umumiy qoidalar va turli qarashlarni qanday ishlab chiqishini tushunish axloqiy muammolarni hal qilish va xavfsiz tizimlarni yaratish uchun muhim ahamiyatga ega.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan