OpenAI ChatGPT asosidagi sunʼiy intellekt modellarini yangilash usulini o‘zgartirishini maʼlum qildi. Bu qaror ko‘plab foydalanuvchilar uchun platforma haddan tashqari xushomadgo‘y bo‘lib qolgan hodisadan keyin qabul qilindi.

O‘tgan hafta oxirida OpenAI ChatGPT‘ning asosiy modeli hisoblangan GPT-4o‘ni yangilagandan so‘ng, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ChatGPT‘ning javoblari haddan ziyod tasdiqlovchi va maqbul tarzda bo‘la boshlaganini payqadilar. Bu holat tez orada memga aylandi. Foydalanuvchilar turli xil muammoli, xavfli yechimlar va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlovchi ChatGPT suhbatlarining suratlarini tarqata boshladilar.
O‘tgan yakshanba kuni X‘da bergan xabarida bosh direktor Sem Altman muammo mavjudligini tan oldi va OpenAI “iloji boricha tezroq” tuzatishlar ustida ishlashini aytdi. Seshanba kuni Altman GPT-4o yangilanishi bekor qilinayotganini va OpenAI modelning shaxsiyatiga “qo‘shimcha tuzatishlar” kiritish ustida ishlayotganini eʼlon qildi.
Seshanba kuni kompaniya bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobotni eʼlon qildi, juma kuni esa OpenAI o‘z blogida modelni joriy qilish jarayoniga kiritmoqchi bo‘lgan aniq o‘zgarishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
OpenAI baʼzi modellar uchun ixtiyoriy “alfa-bosqich”ni joriy etishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Bu ChatGPT‘ning ayrim foydalanuvchilariga modellarni sinovdan o‘tkazish va ishga tushirishdan oldin fikr-mulohaza bildirish imkonini beradi. Kompaniya, shuningdek, ChatGPT‘dagi kelajakdagi bosqichma-bosqich model yangilanishlari uchun “maʼlum cheklovlar” tushuntirishlarini kiritishini va xavfsizlik tekshiruvi jarayonini modelning xulq-atvori muammolarini, jumladan shaxsiyat, aldov, ishonchlilik va gallyutsinatsiyalarni (yaʼni, model biror narsani o‘ylab topishini) “ishga tushirishni to‘xtatuvchi” muammolar sifatida rasman ko‘rib chiqish uchun moslashtirmoqchi.