Tanqidchilar buni xavfsiz yechim emas deb hisoblashsa-da, Sem Altman bu insonligingizni isbotlashning yagona usuli ekanligini taʼkidlamoqda. AQSHda ko‘z to‘r pardasi xohlovchilar uchun shaxsni aniqlashning yangi usuliga aylanishi mumkin.

OpenAI bosh direktori Sem Altmanning ko‘zni skanerlash va shaxsni tasdiqlash texnologiyasi loyihasi AQSHda rasman ishga tushdi. 2019 yilda Altman firibgarlik va botlarga qarshi kurashish maqsadida ko‘zning rangdor pardasini skanerlash va blokcheyn yordamida odamlarning shaxsini tasdiqlashning global tizimini yaratish uchun World (o‘tgan yilgacha Worldcoin nomi bilan tanilgan) kompaniyasining hammuassisi bo‘ldi.
Siz Orb nomli sferik biometrik qurilmaga yaqinlashasiz va u yuzingiz hamda ko‘z rangdor pardangizni skanerlash uchun taxminan 30 soniya sarflaydi. So‘ngra, siz uchun noyob IrisCode yaratib saqlaydi, bu sizning inson ekanligingizni va ilgari hech qachon ro‘yxatdan o‘tmaganingizni tasdiqlaydi. Keyin loyihaning WLD kriptovalyutasidan bir qismini, taxminan 16 tokenni bepul olasiz va World ID hisobingizdan hozirda Minecraft, Reddit, Telegram, Shopify va Discord kabi integratsiyalashgan platformalarga kirish uchun foydalanishingiz mumkin.
Kompaniya AQSHning Ostin, Atlanta, Los-Anjeles, Nashvill, Mayami va San-Fransisko shaharlarida oltita asosiy chakana savdo nuqtalarini ochdi. Bu yerda odamlar ko‘z olmasini skanerlash uchun yozilishlari mumkin.
Altman asos solgan va World loyihasi ortida turgan Tools for Humanity startapi tashkil etilganidan beri Andreessen Horowitz, Coinbase va LinkedIn hammuassisi, milliarder Rid Xoffman kabi investorlardan 140 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ jalb qildi. Bu esa kompaniyani 2021 yil holatiga ko‘ra 1 milliard dollarga baholashga olib keldi.
Hozirgi kunda World tarmog‘i butun Yevropa, Janubiy Amerika va Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 26 million kishini qamrab olgan, ulardan 12 millioni tekshirilgan. World vakili aytishicha, ularning maqsadi bir milliard kishiga yetishdir. Biroq jarayon kutilganidan sekinroq kechmoqda: 2021 yilda loyihaning maqsadi 2023 yilga borib bir milliard kishiga yetish edi.
Bundan tashqari, World kelasi yilgacha telefonga o‘xshash qurilmani ishlab chiqaradi. Bu o‘zgarishlar va vaʼda qilingan World brendi ostidagi debet kartasi kompaniyaning “super ilova” yaratish ambitsiyalaridan darak beradi.