Anthropic kompaniyasining yangi tadqiqotiga ko‘ra, Claude kabi zamonaviy sun’iy intellekt modellari AQSHda mehnat unumdorligining yillik o‘sish sur’atini 1,8 foizgacha oshirish salohiyatiga ega. Bu ko‘rsatkich 2019-yildan buyon qayd etib kelinayotgan o‘rtacha o‘sish sur’atidan qariyb ikki barobar yuqoridir. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar mehnat iqtisodiyot umumiy unumdorligining taxminan 60 foizini tashkil etadi deb qaralsa va sun’iy intellekt kelgusi o‘n yil ichida to‘liq joriy etilsa, bu Umumiy omil unumdorligining (TFP) yiliga taxminan 1,1 foizga o‘sishiga olib keladi. TFP — mehnat va kapital sarflaridan tashqari mahsulot ishlab chiqarish samaradorligiga ta’sir etuvchi barcha omillar yig‘indisini anglatadi.

Tahlil jarayonida Anthropic kompaniyasi Clio nomli maxsus vositadan foydalangan bo‘lib, u foydalanuvchilarning haqiqiy suhbatlarini tahlil qilishga mo‘ljallangan. 100 mingta real dialogni o‘rganish orqali sun’iy intellekt qaysi turdagi vazifalarni bajarayotgani aniqlangan. Vaqt tejalishini baholash uchun esa har bir vazifaning AI yordamida va usiz bajarilishi taqqoslangan. Natijalar kasblar kesimidagi o‘rtacha ish haqi ma’lumotlari bilan birlashtirilib, tejalgan vaqtning iqtisodiy qiymati hisoblab chiqilgan va butun iqtisodiyotga tatbiq etilgan.
Biroq mualliflar tadqiqotning ayrim cheklovlari mavjudligini ham ochiq tan olishmoqda. Xususan, hisob-kitoblar xodimlar tejalgan vaqtni faqat ish samaradorligini oshirishga sarflaydi, degan optimistik farazga asoslangan. Shuningdek, sun’iy intellekt javoblarining to‘g‘riligini tekshirish uchun inson tomonidan sarflanadigan vaqt va kelgusi o‘n yillikda texnologiyaning yanada takomillashish ehtimoli inobatga olinmagan. Shu bois, keltirilgan raqamlar konservativ bo‘lishi yoki aksincha, real ta’sirni to‘liq aks ettirmasligi mumkin.
Tadqiqotda bandlik masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilmagan bo‘lsa-da, bu mavzu dolzarbligicha qolmoqda. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anthropic bosh direktori Dario Amodey yaqin yillarda sun’iy intellekt «oq yoqalilar» uchun boshlang‘ich darajadagi ish o‘rinlarining yarmini yo‘q qilishi va ishsizlik 20 foizgacha ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Yangi tadqiqot esa bu xavotirlarni bevosita tasdiqlamasa-da, rad ham etmaydi. Kompaniya iqtisodchilarining ta’kidlashicha, mazkur ishning asosiy maqsadi — texnologiyaning iqtisodiy samarasini miqdoriy baholash va jamiyatni kutilayotgan o‘zgarishlarga tayyorlashdan iborat.