Xitoyning UBTech Robotics kompaniyasi Guansi avtonom rayonidagi Vyetnam bilan chegara o‘tish punktlariga Walker S2 rusumidagi sanoat gumanoid robotlarini yetkazib berish bo‘yicha yirik shartnomani qo‘lga kiritdi. Qiymati 264 million yuan (taxminan 37 million dollar) bo‘lgan ushbu kelishuv sanoat darajasidagi odamsimon robotlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tarixdagi eng yirik loyihalardan biri hisoblanadi.

Image credit: interestingengineering.com

Loyiha doirasida Vyetnam chegarasiga yaqin joylashgan Fanchenggang shahridagi markaz bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, robotlarni yetkazib berish shu yilning dekabr oyidan boshlanishi rejalashtirilgan. Walker S2 robotlari chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida sayyohlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, odamlar oqimini tartibga solish, hududni patrul qilish, shuningdek, yuk tashish va logistika ishlarida ko‘maklashish vazifalarini bajaradi. Ta’kidlash joizki, mazkur model ko‘p funksiyali bo‘lib, undan metallurgiya korxonalarida monitoring va tekshiruv jarayonlarida ham foydalanish mumkin.

Bo‘yi 1,76 metr bo‘lgan Walker S2 jami 52 ta harakat erkinligi darajasiga (DoF) ega. Uning har bir qo‘lida 11 ta harakat nuqtasi mavjud bo‘lib, bu unga obyektlarni inson kabi aniq ushlash va manipulyatsiya qilish imkonini beradi. Robot har bir qo‘lida 15 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi, chuqur o‘tirish va egilish harakatlarini bajaradi hamda soatiga 7,2 km tezlikda harakatlanganda ham muvozanatni yo‘qotmaydi.

Robotning o‘ziga xos jihati — uning ikki akkumulyatorli avtonom tizimidir. U quvvati tugagan batareyani mustaqil ravishda bor-yo‘g‘i uch daqiqa ichida to‘liq zaryadlanganiga almashtira oladi. BrainNet 2.0 va Co-Agent AI sun’iy intellekt tizimlari robotga vaziyatni tahlil qilish, rejalashtirish va kutilmagan holatlarga tezkor reaksiya qilish qobiliyatini beradi. Binokulyar RGB stereokamera tizimi esa atrof-muhitni chuqur idrok etishni ta’minlaydi.

UBTech ma’lumotlariga ko‘ra, Walker seriyasi uchun umumiy buyurtmalar portfeli 1,1 milliard yuanga (115 million dollar) yetgan. Kompaniya yil oxirigacha 500 ta robot yetkazib berishni, kelasi yilda esa ishlab chiqarish hajmini o‘n baravarga oshirishni maqsad qilgan. 2027-yilga kelib tannarxni pasaytirish hisobiga yiliga 10 mingtagacha robot ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan