Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Reuters NEXT konferensiyasida biznes yetakchilari sun’iy intellekt (AI) sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ommaviy ishdan bo‘shatishlar xavfidan ogohlantirdi. Yangi ma’lumotlar yosh mutaxassislar orasida ishsizlik ortib borayotganini ko‘rsatmoqda, kompaniya rahbarlari esa avtomatlashtirish orqali shtatlarni zudlik bilan 30 foizgacha qisqartirishni talab qilmoqda. Bandlik muammosidan tashqari, ekspertlar sun’iy intellektning energiya resurslariga bosimi va ijodiy sohalarga ta’sirini ham muhokama qildilar.

Sun’iy intellekt internet paydo bo‘lganidan beri eng yirik texnologik burilish sifatida baholanmoqda. U trillion dollarlik investitsiyalar oqimi va fond bozorining sezilarli o‘sishiga olib keldi, biroq ayni paytda xotira chiplari tanqisligini keltirib chiqardi va regulyatorlar (nazorat organlari) e’tiborini tortdi. JP Morgan Asset Management ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida sun’iy intellektga yo‘naltirilgan kapital xarajatlar YIM o‘sishiga iste’mol xarajatlaridan ko‘ra ko‘proq hissa qo‘shgan.
Ijobiy istiqbollarga qaramay, qisqartirishlar bo‘yicha xavotirlar saqlanib qolmoqda. Matnli kontent yaratish uchun AI vositalarini ishlab chiquvchi Writer startapi bosh direktori Mey Habibning ta’kidlashicha, mijozlar ishchi kuchini zudlik bilan qisqartirish yo‘llarini qidirmoqda.
«Bosh direktorlar bizdan: «Ajoyib, qachon jamoamning 30 foizini qisqartira olaman?» deb so‘rashmoqda», – dedi Habib.
SAP kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ham xodimlar AI ularning faoliyatiga qanday ta’sir qilishiga jiddiy qiziqayotganini tasdiqladilar. Kompaniya bosh direktori Kristian Klaynning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt barcha bo‘limlarda joriy etilmoqda va u hatto yuridik bo‘lim samaradorligini oshirishga qodir, bu esa ish jarayonlaridagi transformatsiya ko‘lamini ko‘rsatadi.
Iqtisodchilar sun’iy intellektga ishchi kuchini almashtiruvchi emas, balki to‘ldiruvchi vosita sifatida qarashni taklif qilmoqda. AQSH moliya vaziri maslahatchisi Jozef Lavorgnaning fikricha, investitsiya va siyosat texnologiyalardan samaradorlikni oshirish, ish o‘rinlarini saqlash va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida foydalanishni rag‘batlantirishi lozim.
Statistika nima deydi? Ish o‘rinlari qisqarishi haqidagi xavotirlar AQSH Federal zaxira tizimi ma’lumotlari bilan ham tasdiqlanmoqda: AI allaqachon boshlang‘ich darajadagi lavozimlarni egallamoqda va kompaniyalarni yollash rejalarini qisqartirishga majbur qilmoqda. Bakalavr darajasiga ega 20–24 yoshlilar o‘rtasida ishsizlik 9,5 foizga yetgan, holbuki mamlakat bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘rtacha 4,4 foizni tashkil etadi.
Noyabr oyida AQSH xususiy sektorida 32 mingta ish o‘rni qisqartirildi, kichik biznes esa 120 mingta lavozimni yopdi – bu 2023-yil martidan beri eng katta pasayishdir. 2025-yil boshidan buyon kompaniyalar jami 1,1 millionta qisqartirish haqida e’lon qildi (2024-yilning shu davriga nisbatan 65% ko‘p). Ekspertlar o‘zgarishlar avvalgi texnologik inqilob davrlariga qaraganda tezroq kechayotganini va moslashuvchanlik raqobatbardoshlikni saqlashning asosiy shartiga aylanganini ta’kidlamoqda.
Konferensiyada media sanoatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ko‘pchilik AI ijodiy kasblarni egallashidan xavotirda. Media-menejer Shari Redstoun iste’dodlarni himoya qilish zarurligini uqtirgan bo‘lsa, aktrisa Sara Jessika Parker kino va teatrdagi inson omilining o‘ziga xosligini AI takrorlay olmasligini qayd etdi.
Shuningdek, AI tizimlarining energiya resurslariga bo‘lgan talabi ortib borayotgani ham iqtisodiy, ham ekologik xavotirlarni uyg‘otmoqda. Yaqinda ma’lum bo‘lishicha, «mulohaza yurituvchi» (reasoning) AI modellari oddiylariga qaraganda 100 barobar ko‘p energiya sarflaydi. Bu esa soha oldiga algoritmlar quvvati va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash vazifasini ko‘ndalang qo‘ymoqda.