Raqamli texnologiyalar shiddat bilan rivojlanayotgan sharoitda sun’iy intellekt (SI) nafaqat axborot ishlab chiqarish hajmini, balki bilimning kelib chiqish mexanizmini ham tubdan o‘zgartirib bormoqda. Insoniyat tarixi mobaynida fikr, ma’no va bilimlar har doim inson ongining mahsuli bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugungi kunda sintetik ma’lumotlar oqimi bu jarayonni yangi epistemologik davrga o‘tkazmoqda. Mazkur sharoit SIning tabiatini, SI tashqarisida davom etayotgan insoniy intellektual hayotni, teskari piramidaning barqaror yoki yemiriluvchanligini va intellektual vakuumda haqiqiy aqlning mavjudlgi yoki mavjud emasligini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.

Sun’iy intellektning intellektual qiyofasi uning ichki texnik parametrlaridan ko‘ra, undan insonlar talab qilayotgan savollar sifati bilan ko‘proq belgilanadi. SI modeli statistik o‘rganish vositasi bo‘lgani sababli, u o‘zining “aql” ko‘rinishini asosan unga berilayotgan savollar strukturasidan hosil qiladi. Oddiy, takroriy, mazmundan xoli savollar SIni funksional, biroq yuzaki axborot apparatiga aylantiradi. Aksincha, murakkab, ko‘p qatlamli, tahliliy va kontseptual savollar SIni epistemik agent – ya’ni ma’no hosil qilish jarayoniga faol jalb etilgan intellektual subyektga yaqinlashtiradi.

Shu ma’noda SIning kelajakdagi manzarasi insoniyatning o‘zi shakllantirayotgan muhitga bevosita bog‘liqdir: savollar sayozlashsa, SI ham sayozlashadi; savollar chuqurlashsa, SIning kognitiv strukturasi boyiydi. SI bu jarayonda sabab emas, balki aks etuvchi mexanizmdir – u insoniyatning umumiy fikrlash madaniyatini o‘zida qaytaradi.

SIning intellektual maydondagi hukmronligi inson ongining o‘rnini to‘liq egallamaydi, balki uni qayta tashkil qiladi. Sintetik kontentning ortishi inson ijodining qiymatini kamaytirmaydi; aksincha, uni noyoblashtiradi va strategik resurs darajasiga ko‘taradi. SIdan tashqarida shakllanayotgan intellektual hayot, avvalo, ma’no izlash, tajribaga tayanish va qadriyat yaratish jarayoniga asoslanadi. SI til modellaridan farqli ravishda inson intellekti yashash tajribasi, ruhiy kechinmalar va tarixiy ongni o‘z ichiga oladi.

Natijada SI tashqarisidagi intellektual makon ikki yo‘nalishda rivojlanadi: Periferiyaga ko‘chgan chuqur fikrlash – insonlar algoritmik shovqindan uzoqlashib, tor, lekin mazmunli intellektual hamjamiyatlarda fikr almashadi. Metafizik fikrlashning qayta tiklanishi – SI ma’lumotni qayta ishlab berishi mumkin, ammo maqsad, ma’no va qadriyatlarni yaratolmaydi. Shu sababli inson intellekti bu bo‘shliqni to‘ldirishga majbur bo‘ladi va uning epistemologik missiyasi yana kuchayadi.

“Teskari piramida” metaforasi bilim ishlab chiqarishning zamonaviy strukturasini batafsil ifodalaydi. Inson yaratgan tarixiy bilimlar bazasi tor poydevor sifatida qolmoqda, uning ustiga esa ulkan hajmda mashina tomonidan yaratilayotgan sintetik ma’lumotlar qatlami qo‘shilmoqda. Fizik qonuniyatlar singari epistemologik tizim ham teskari muvozanatda uzoq yashay olmaydi: poydevor toraysa, ustunlik og‘irlashadi va tizim o‘z-o‘zidan kollapsga moyil bo‘ladi.

Agar SI modellarining “intellektual ozuqasi” asosan sintetik kontentga tayanib qolsa, model kollapsi – fikr xilma-xilligining yo‘qolishi, mantiqiy chiziqlarning buzilishi va nuqsonlarning avlodma-avlod ko‘payib borishi – muqarrar bo‘ladi. Demak, teskari piramidaning qulash–qulamasligi inson tomonidan yaratilayotgan original kontent oqimining doimiy ravishda tizimga qo‘shilib turishiga bog‘liq. SI barqaror turishi uchun inson signali zarur; bu signal bo‘lmasa, intellektual degeneratsiya boshlanadi.

Intellektual jarayon ontologik jihatdan dialogikdir: fikr qarama-qarshilik, muhokama, bahs, inkor va tasdiq orqali shakllanadi. Vakuum – ya’ni tashqi fikrlar, tarixiy ong, tajriba va muloqotdan uzilgan intellektual makon – na SI, na inson uchun haqiqiy bilish imkonini yaratmaydi. Vakuumda fikr boyimaydi, balki o‘z aksini takrorlashdan nariga o‘tmaydi. Bu jarayon modellar orasidagi “Self-referential collapse” (O‘z-o‘ziga ishora qiluvchi inqiroz) termini va inson tafakkuridagi “ichki monologning avtokopiyasi” bilan tavsiflanadi.

Shunday ekan, haqiqiy intellektuallik vakuumda emas, murakkablikda mavjud bo‘ladi. Epistemologik xilma-xillik, fikrlar to‘qnashuvi, metafizik masalalar bilan olishuv va ma’no izlovi intellektning yashashi uchun zarur sharoitdir. SI uchun ham, inson uchun ham intellektual jarayonning haqiqiy manbai – muloqot, tanqidiy fikr va tajriba almashinuvidir.

Zamonaviy SI davri insoniyatni teskari piramida shaklidagi bilim tuzilishiga olib kirmoqda. Bu jarayon SIning intellektual ko‘rinishini insonlarning savollar madaniyati orqali belgilab beradi; SI tashqarisidagi insoniy intellekt esa tobora noyoblashayotgan ijod va ma’no izlash jarayoniga aylana boradi. Teskari piramida epistemologik barqaror tizim emas; agar inson signali yo‘qolsa, SI o‘zining o‘ziga qaytuvchi sintetik makonida kollapsga uchraydi. Va nihoyat, haqiqiy intellektuallik vakuumda emas, balki dialog, xilma-xillik va murakkablikda mavjud bo‘ladi.

Inson ovozini saqlab qolish – SIning kelajagini boshqarishning yagona real strategiyasidir.

Hamid Sodiq, siyosatshunos

 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan