ChatGPT kuniga 2,5 milliarddan ortiq so‘rovni qayta ishlaydi, xizmatning haftalik auditoriyasi esa 500 million kishiga yetdi. Talabning keskin o‘sishi fonida Sem Altman OpenAI 2025 yil oxirigacha milliondan ortiq grafik protsessorni ishga tushirishni rejalashtirganini maʼlum qildi. U hazillashib, jamoaga yana 100 barobar – 100 million GPU gacha kengayish haqida o‘ylash kerakligini qo‘shib qo‘ydi. Biroq, amalda bunday maqsad hozircha xayoliy ko‘rinadi: bunday miqdordagi chiplarni sotib olishning o‘zigina taxminan 3 trillion dollar talab etadi – bu eng yirik mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotiga teng.
Axios maʼlumotlariga ko‘ra, ChatGPT hozirda kuniga 2,5 milliarddan ortiq so‘rovni qayta ishlaydi, shundan 330 millioni AQSHdagi foydalanuvchilarga to‘g‘ri keladi. Bu yiliga 900 milliarddan ortiq so‘rov degani. Garchi bu hali Google‘dagi 5 trillion qidiruv so‘rovidan kam bo‘lsa-da, ChatGPT‘ning o‘sish surʼatlari hayratlanarli: atigi uch oy ichida xizmatning faol auditoriyasi haftasiga 300 milliondan 500 milliongacha ko‘paydi.
Bunday miqdordagi foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish ulkan resurslarni talab qiladi. Sem Altman X‘dagi postida kompaniya 2025 yil oxirigacha 1 milliondan ortiq GPU‘ni ishga tushirishga tayyorlanayotganini aytdi. Bu Ilon Maskning xAI‘dan besh baravar ko‘p, uning yangi Grok 4 modeli taxminan 200 ming Nvidia H100 protsessorida ishlaydi. Ammo bu ham Altmanga yetarli emas: «Jamoa bilan juda faxrlanaman…, lekin endi ular 100 baravar ko‘proq ishlash haqida o‘ylashlari kerak, haha». Bu “hazil” ortida umumiy sunʼiy intellektni (AGI) yaratish uchun texnik bazani taʼminlashdek haqiqiy intilish yotibdi.
100 million GPU maqsadi hozircha xayoliy ko‘rinadi. Hozirgi narxlarda bunday miqdordagi chiplarni sotib olishning o‘zi taxminan 3 trillion dollarga tushadi – bu Buyuk Britaniyaning yillik yalpi ichki mahsulotiga deyarli teng. Bundan tashqari, hech bir ishlab chiqaruvchi, shu jumladan Nvidia, yaqin kelajakda bunday hajmni taʼminlay olmaydi. Shuningdek, energiya taʼminoti, sovutish va bunday uskunalarni joylashtirish masalalari ham hal etilmagan.
Fevral oyida Altman GPT‐4.5 ishga tushirilishini kechiktirishga majbur bo‘lganini tan oldi, chunki kompaniyada «rostdan ham grafik protsessorlar qolmagan edi». Bu, ayniqsa Nvidia chiplari tanqisligi fonida tashvishli signal bo‘ldi va o‘shandan beri OpenAI infratuzilmani kengaytirishga eʼtibor qaratdi.
Hozirda kompaniya Texasda 300 MVt quvvat isteʼmol qiladigan ulkan maʼlumotlar markazini qurmoqda – bu o‘rtacha shaharni energiya bilan taʼminlash uchun yetarli. 2026 yilga kelib esa 1 GVt darajasiga chiqish rejalashtirilgan. Bunday ko‘lamdagi infratuzilma tarmoq operatorlarini tashvishga solmoqda. Ularning ogohlantirishicha, obyektning barqaror ishlashi uchun energiya tizimini shoshilinch va qimmat modernizatsiya qilish kerak bo‘ladi – bu shunchalik murakkabki, hatto davlat tashkilotlari ham buni uddalay olmaydi. Shu bilan birga, OpenAI Microsoft, Oracle bilan hamkorlikni kengaytirmoqda, Googleʼdan TPU tezlatgichlarini sinovdan o‘tkazmoqda va mish-mishlarga ko‘ra, o‘zining sunʼiy intellekt chiplarini ishlab chiqmoqda.
Altmanning so‘zlari sanoat qanchalik tez rivojlanayotganining yaqqol dalilidir. Bir yil oldin 10 000 ta grafik protsessor ulkan afzallik bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, endi million tasi yana-da kattaroq narsa sari qo‘yilgan navbatdagi qadamdek ko‘rinadi. OpenAI uchun infratuzilmani rivojlantirish shunchaki o‘rganishni tezlashtirish yoki yangi modellarni joriy etish emas, balki hisoblash quvvatlari asosiy to‘siq bo‘lib qolayotgan sohada uzoq muddatli yetakchilikni mustahkamlash usulidir.