Sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi kadrlar uchun kurash tobora keskinlashmoqda. Abel startapi hammuassisi Deniel Frensis ijtimoiy tarmoqlarda Meta sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislardan birini o‘ziga og‘dirishga urinib ko‘rgani haqida maʼlum qildi. Uning aytishicha, kompaniya potensial xodimga to‘rt yillik shartnoma bo‘yicha 1,25 milliard dollar, yaʼni yiliga 300 million dollardan ortiq taklif qilgan ekan. Shunday katta summaga qaramay, nomzod taklifni qabul qilmagan.
Frensis bu maʼlumotni o‘zining Xʼdagi sahifasida «Nima bo‘lyapti o‘zi?» degan izoh bilan ulashdi. O‘z savoliga javob berar ekan, u bugungi kunda intellektual mulk patentlar emas, balki «odamlarning miyasida saqlanadigan» bilim va tajriba ekanligini taʼkidladi. Sunʼiy intellekt mutaxassislari shunchalik qimmatli bo‘lib borayaptiki, kompaniyalar ularni xuddi aktiv sifatida sotib olishmoqda.
Post ostida X foydalanuvchilari hozirda yetakchi dasturchilar qanchalik yuqori baholanayotgani haqida o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlasha boshladilar. Ulardan biri, OpenAI‘da tajribaga ega tadqiqotchi, bundan ham kattaroq takliflar haqida eshitganini aytdi. U bunday summalarni «butun bir kompaniyani sotib olish»ga tenglashtirdi – alohida ekspertlarning qiymati shu qadar yuqori ekan.
Frensis 2023 yilda o‘zini Twitter‘ning ishdan bo‘shatilgan xodimi sifatida ko‘rsatib, ommaviy axborot vositalarini to‘qima hikoyaning haqiqatligiga ishontirgandan so‘ng IT-muhitda tanilgan edi. Keyinchalik u chindan ham Ilon Maskning kompaniyalaridan birining jamoasiga qo‘shildi. Uning “Abel” startapi tana kamerasi yozuvlari asosida politsiya hisobotlarini tuzish uchun sunʼiy intellekt tizimini ishlab chiqmoqda.
Iyun oyida OpenAI bosh direktori Sem Altman Meta o‘z xodimlarini jalb qilish uchun ularga 100 million dollarlik bonuslar taklif qilganini maʼlum qildi. «Hozircha asosiy mutaxassislarimizdan hech kim ketmaganidan xursandman,» deya qo‘shimcha qildi u. Xabar qilinishicha, Mark Sukerberg umumiy sunʼiy intellekt yaratish uchun yetakchi tadqiqotchilar va muhandislarni shaxsan o‘zi jalb qilmoqda, jumladan, ularni uyiga kechki ovqatga taklif etmoqda.
Sunʼiy intellekt isteʼdodlari uchun shiddat bilan o‘sib borayotgan raqobat sharoitida yirik texnologiya kompaniyalari eng yaxshilarni qo‘lga kiritish uchun rekord darajadagi mablag‘ sarflamoqda. Ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda hatto milliard dollarlik shartnoma ham yetarli dalil bo‘lmasligi mumkin.