Dunyo 5G texnologiyasini endigina o‘zlashtirayotgan bir paytda, Xitoy allaqachon keyingi avlod aloqa tizimiga qadam qo‘ymoqda. China Mobile telekommunikatsiya kompaniyasi 6G sinovlarida sezilarli yutuqqa erishganini eʼlon qildi. Ular 280 Gbit/s gacha tezlikni namoyish etdi. Bu 50 gigabaytli faylni atigi 1,4 soniyada yuklash imkonini beradi, bu esa hatto eng zamonaviy ulanish tezligidan ham bir necha barobar yuqoridir.
Aloqani sinash uchun o‘nta maydondan iborat dunyodagi birinchi ixcham 6G tarmog‘i yaratildi. Ushbu loyiha faqat ilmiy-tadqiqot xarakteriga ega bo‘lib, tijorat maqsadlarida foydalanish ko‘zda tutilmagan.
Sinovlarda erishilgan 280 Gbit/s tezlik 5G ning nazariy maksimumidan deyarli 14 baravar yuqori. Bu ikki soatlik 4K formatdagi Blu-ray filmini ikki soniyada yuklab olish bilan teng. Bunday yutuq striming, o‘yinlar, virtual reallik, tibbiyot va sanoat Internet buyumlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
China Mobile keyingi avlod texnologiyalariga faol sarmoya kiritmoqda. Kompaniya allaqachon 6G sohasidagi tadqiqot va ishlanmalarga 5,4 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflagan.
Bundan tashqari, u to‘rtta davlat ilmiy-texnik dasturida ishtirok etmoqda va o‘nta asosiy 6G texnologiyasini ishlab chiqmoqda. O‘tgan yili China Mobile o‘ta tezkor maʼlumot uzatish uchun mo‘ljallangan past kechikishli sunʼiy yo‘ldoshni orbitaga chiqardi, shu tariqa o‘z imkoniyatlarini yer usti tarmoqlaridan tashqarida ham kengaytirdi.
6G ni rivojlantirish bilan bir qatorda, China Mobile 5G va 5G-A sohasidagi mavqeini mustahkamlamoqda. Kompaniya 2,4 milliondan ortiq baza stansiyalari bilan dunyodagi eng yirik 5G tarmog‘ini qurdi – bu butun dunyo bo‘yicha ularning umumiy sonining 30 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Tarmoq Xitoyning 90 foizdan ortiq maʼmuriy hududlarini qamrab oladi va 300 dan ortiq xalqaro 5G standartlariga javob beradi, sifat va qamrov bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallaydi.
Garchi ayrim mutaxassislar dastlabki tijorat loyihalarini 2028 yilgacha amalga oshirilishini bashorat qilsalarda, 6G aloqasining tijorat miqyosida joriy etilishi 2030 yildan oldin kutilmayapti. Bunga qadar ko‘plab texnik va meʼyoriy masalalarni hal qilish zarur bo‘ladi.