Sunʼiy intellekt (SI) yordamida tuzilgan sayohat rejalari bir qarashda juda jozibali ko‘rinadi. Biroq, ko‘plab sayyohlar SI tavsiya qilgan baʼzi manzillar aslida uning “tasavvur mahsuli” ekanini bilib, hayratda qolmoqda.

Bugungi kunda, ayniqsa, Z avlodi vakillari deyarli har bir qarorni, jumladan taʼtilni rejalashtirishni ham ChatGPT bilan maslahatlashib amalga oshirmoqda. Ammo so‘nggi tajribalar sunʼiy intellekt tavsiyalarini doimo qayta tekshirish zarurligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Masalan, amerikalik bloger Medison Rolli Yevropa bo‘ylab ikki haftalik sayohatini rejalashtirish uchun ChatGPT‘dan «virtual turagent» sifatida foydalandi. U sayohat sanalarini va taxminan 1000 dollarlik byudjetni kiritgach, SI unga “tashrif buyurish uchun eng yaxshi joylar”dan iborat batafsil yo‘nalishni taqdim etdi.

Biroq, Xorvatiyaning Split shahrida ChatGPT tavsiya qilgan “chiroyli kafe”ga borganda, Rolli kutilmagan vaziyatga duch keldi: u yerda faqat farroshlar ishlayotgan, muassasa esa faqat kechki payt ochilishi maʼlum bo‘ldi.

“Bu biroz noqulay vaziyat edi”, — deya kulib eslaydi bloger.

Bunday holatlar tobora ko‘paymoqda. ChatGPT kabi til modellari baʼzan “gallyutsinatsiya”ga uchraydi, yaʼni mavjud bo‘lmagan joylar, mehmonxonalar va tadbirlarni “o‘ylab topishi” mumkin.

Buni SEO Travel kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqot ham tasdiqlaydi. Unga ko‘ra:

  • SI yaratgan sayohat yo‘nalishlarining yarmidan ko‘pida tashrif buyuruvchilar uchun yopiq bo‘lgan vaqtda borish tavsiya etilgan joylar mavjud.
  • Eng achinarlisi, rejalarning choragi butunlay faoliyatini to‘xtatgan obyektlardan iborat bo‘lgan.

Xulosa shuki, sunʼiy intellekt sayohatni rejalashtirishda kuchli yordamchi bo‘lishi mumkin, ammo u taqdim etgan maʼlumotni yakuniy haqiqat deb qabul qilmaslik lozim. ChatGPT siz uchun orzudagi taʼtilni chizib berishi mumkin, lekin bu orzuning reallikka qanchalik mos kelishini tekshirish — sayyohning o‘ziga bog‘liq.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan