Sunʼiy intellekt (SI) texnologiyalari hozirda AQSH iqtisodiyotining asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylangan. Deutsche Bank tahlilchisi Jorj Saravelosning fikricha, agar texnologiya sohasidagi ulkan sarf-xarajatlar bo‘lmaganida, mamlakat iqtisodiyoti bu yil inqirozga yuz tutishi mumkin edi. «SI mashinalari, so‘zma-so‘z maʼnoda, hozir iqtisodiyotni qutqarmoqda», — deya taʼkidlaydi u.

Biroq, bank mutaxassislari bunday yuksalishning barqarorligiga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, sarf-xarajatlarning parabolik surʼatda, yaʼni uzluksiz keskin o‘sib borishi ehtimoli juda past. Bu esa iqtisodiy o‘sishni hozirgi darajada saqlab qolish qiyin bo‘lishini anglatadi.
Bu boradagi xavotirlarni konsalting giganti Bain & Co. ham tasdiqlaydi. Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030 yilga kelib SI sohasida kutilayotgan hisoblash quvvatini taʼminlash uchun yiliga kamida ikki trillion dollar daromad zarur bo‘ladi. Ammo mavjud prognozlar bilan dunyo miqyosida hali ham 800 milliard dollarlik tafovut saqlanib qolmoqda.
Sarmoyalar asosan yirik texnologik kompaniyalar tomonidan amalga oshirilayotgani ham vaziyatning o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. Masalan, Nvidia‘ning OpenAI‘ga 100 milliard dollarlik sarmoyasi bu jarayonning yorqin misolidir. Natijada, bu yil S&P 500 indeksi o‘sishining qariyb yarmi faqat «Ajoyib yettilik» deb nomlangan texnologiya gigantlari hisobiga to‘g‘ri keldi. Qolgan 493 ta kompaniyada esa daromad ko‘rsatkichlari kutilganidan pastligicha qolmoqda.
Shu bilan birga, barcha moliyaviy institutlar ham bunday pessimistik kayfiyatda emas. Masalan, Goldman Sachs tahlilchilari SI ishlab chiqarish samaradorligini oshirib, yaqin yillarda yalpi ichki mahsulotga 0,4%, uzoq muddatda esa 1,5% qo‘shimcha o‘sish berishini prognoz qilmoqda. Ularning fikricha, SI keng qo‘llanilganda ishchilar va kompaniyalar bir xil resurslardan foydalanib, ko‘proq mahsulot ishlab chiqara oladi, bu esa umumiy samaradorlikni oshiradi.
Shu tariqa, Uoll-stritda bu borada yagona fikr mavjud emas. Ayrimlar SIni iqtisodiyotning «qutqaruvchi kuchi» sifatida ko‘rsa, boshqalar uning o‘sishini sunʼiy va qisqa muddatli jarayon deb baholamoqda. Bu esa SIga yo‘naltirilgan sarmoyalarning kelajagi – haqiqiy iqtisodiy inqilob yoki navbatdagi texnologik pufak ekanligi borasidagi noaniqlikni saqlab qolmoqda.