AQShlik muhandislar jamoasi o‘lchami bor-yo‘g‘i 0,2×0,3×0,5 mm bo‘lgan mikroskopik «suzuvchi mashinalar»ni ishlab chiqdi. Bu tuz donachasidan ham kichik degani. Ushbu robotlar mustaqil ravishda haroratni aniqlash, ma’lumotni qayta ishlash va murakkab muhitda harakatlanish qobiliyatiga ega. Eng muhimi, ular hech qanday harakatlanuvchi mexanik qismlarsiz bir necha oy davomida ishlay oladi, narxi esa atigi bir sentga teng.

Yillar davomida elektronika tobora kichrayib borgan bo‘lsa-da, robotlar nisbatan katta o‘lchamda qolayotgan edi. Ayniqsa, mikro-miqyosda harakatlanishni ta’minlash qiyin masala hisoblangan. Shunga qaramay, Pensilvaniya va Michigan universitetlari tadqiqotchilari suvda suzuvchi avtonom robotlarni 10 000 barobar kichraytirish yo‘lini topishdi (IE xabariga ko‘ra).
Yirik robotlardan farqli o‘laroq, bu qurilmalar elektrokinetik harakat yordamida siljiydi. Ular atrofdagi suyuqlik ionlarini itaruvchi elektr maydoni hosil qiladi va suv molekulalariga ta’sir o‘tkazish orqali harakatlanadi. Bunday miqyosda suzish jarayoni xuddi quyuq sharbat (sirop) ichidagi harakatni eslatadi.
Robotlarga o‘rnatilgan bort kompyuterlari bor-yo‘g‘i 75 nanovatt energiya bilan ishlaydi — bu aqlli soatlar talab qiladigan quvvatdan taxminan 100 000 barobar kam degani. Bunday kichik maydonga hisoblash tizimini joylashtirish uchun jamoa dasturlash tizimini butunlay o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi.
«Biz kompyuter dasturi buyruqlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldik. Odatda harakatni boshqarish uchun ko‘plab ko‘rsatmalar talab etilgan bo‘lsa, biz ularni bitta maxsus buyruqqa birlashtirdik», — deydi tadqiqot guruhi rahbarlaridan biri Devid Blaau.
Robotlar haroratni Selsiy bo‘yicha 0,3 daraja aniqlikda o‘lchaydigan sensorlar bilan jihozlangan. Ular to‘plangan ma’lumotlarni asalarilarning raqsini eslatuvchi maxsus harakatlar orqali uzatadi. Har bir robot o‘ziga xos «manzil»ga (raqamli identifikatorga) ega. Bu ularni yorug‘lik impulslari yordamida alohida-alohida dasturlash imkonini beradi. Yorug‘lik ayni paytda qurilmani energiya bilan ham ta’minlaydi.
Robotlar soniyasiga o‘z tana uzunligiga teng tezlikda harakat qila oladi va guruh bo‘lib muvofiqlashgan holda ishlaydi. Ularning mustahkamligi mikropipetka yordamida ko‘chirib o‘tkazishga va uzoq muddat uzluksiz ishlashga dosh beradi.
Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu ixtiro hujayralar holatini kuzatish va mikro-qurilmalar yaratishda qo‘l kelishi mumkin.
«Bu hali birinchi bob. Biz «miya», sensor va dvigatelni deyarli ko‘rinmas jismga joylashtirish mumkinligini hamda u tirik qolib, oylab ishlay olishini isbotladik», — deydi ilmiy maqola muallifi Mark Miskin.