Google kompaniyasining sobiq bosh direktori Erik Shmidt sunʼiy intellekt (SI) modellari buzib kirishga zaif ekani va bu holat «o‘ldirishni o‘rganish» kabi xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Image credit: forbes.ua

Londondagi Sifted Summit forumida so‘zga chiqqan Shmidtning taʼkidlashicha, bugungi kunda SI tizimlaridagi himoya mexanizmlari va cheklovlarni chetlab o‘tish mumkin. Bu esa ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanish xavfini yuzaga keltiradi.

«Agar yopiq yoki ochiq turdagi modellar buzib kirish orqali o‘zgartirilsa, ular o‘rganish jarayonida xavfli ko‘nikmalarni, hatto ‘o‘ldirishni‘ ham o‘zlashtirishi mumkin», — dedi Shmidt CNBC‘ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda xavfli modellar tarqalishining oldini oladigan samarali mexanizmlar, yaʼni o‘ziga xos «tarqatmaslik rejimi» mavjud emas.

Shu bilan birga, Shmidt SI texnologiyalarining ulkan iqtisodiy salohiyatini ham eʼtirof etdi. Uning fikricha, bu texnologiyalar kelgusi 5-10 yil ichida inson imkoniyatlaridan ancha yuqori darajada ishlay boshlaydi va jahon iqtisodiyoti uchun yangi o‘sish nuqtasiga aylanadi.

«Menimcha, bu sohada 2000-yillardagi dotkom inqiroziga o‘xshash hodisa yuz bermaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Maʼlumot uchun, Erik Shmidt 2001–2011 yillarda Google kompaniyasiga rahbarlik qilgan. 2020 yilgacha esa uning bosh kompaniyasi Alphabet‘da texnik maslahatchi bo‘lib ishlagan. Forbes jurnaliga ko‘ra, uning boyligi 29,7 milliard dollarga baholanib, dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 75-o‘rinni egallaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan