Sunʼiy intellekt kompaniyalari qiymatining misli ko‘rilmagan darajada o‘sishi fonida, Alphabet bosh direktori Sundar Pichai va Google DeepMind rahbari Demis Hassabis industriyada moliyaviy “pufak” shakllanayotgani haqida ogohlantirdi. Ular sohaga sarmoya oqimi davom etishi mumkinligini, biroq bozor ehtimoliy qulashga – bir kunda o‘nlab trillion dollar yo‘qotishga va texnologiya sektorida ommaviy qisqarishlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatga tayyor turishi zarurligini taʼkidlamoqda.

Demis Hassabisning fikricha, SI sanoatining ayrim segmentlari, xususan, yirik venchur fondlar ishtirokidagi va o‘nlab milliard dollarlik qiymatga ega loyihalar haqiqatdan ham “shishirilgan” bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, u Google DeepMind va Isomorphic Labs kabi bo‘linmalarda robototexnika, o‘yin texnologiyalari va SI yordamida yangi dori vositalarini ishlab chiqish kabi strategik yo‘nalishlar barqaror rivojlanayotganini qayd etdi. Uning ishonchi komilki, bu loyihalar vaqt o‘tishi bilan milliardlab dollarlik real biznesga aylanib, kompaniyaga ham qisqa muddatli foyda, ham uzoq muddatli qiymat keltiradi. Hassabis, shuningdek, Google Gemini, NotebookLM va ilm-fanga yo‘naltirilgan yangi mahsulotlar faol joriy etilayotganini, Alphabet esa bozor o‘sishi yoki investitsiyalar qisqarishi kabi har qanday ssenariyda ham raqobatbardoshlikni saqlab qolishga qodir ekanini bildirdi.
Sundar Pichai ham SI bozoridagi “irratsionallik” haqida ogohlantirib, hech bir kompaniya, hatto Alphabet ham “pufak” yorilishi oqibatlaridan to‘liq himoyalanmaganini taʼkidladi. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, chiplar va maʼlumotlar markazlaridan tortib YouTube ekotizimi va SI modellarigacha bo‘lgan to‘liq texnologik infratuzilma Alphabet‘ga noaniq bozor sharoitida katta ustunlik beradi. Pichai SIga nisbatan tanqidiy yondashuv zarurligini, vositalarga ko‘r-ko‘rona ishonish emas, balki ulardan masʼuliyat bilan foydalanish muhimligini uqtirdi.
Bu ogohlantirishlar SI kompaniyalarining aksariyati hali ham zarar bilan ishlayotgan bir paytda yangramoqda. Masalan, faqat shu chorakning o‘zida OpenAI 14 milliard dollar zarar ko‘rgan. Moliyaviy barqarorlikka ega bo‘lmagan, ammo ulkan investitsiyalarga tayanayotgan SI sanoatida 2000 yilgi «dotkomlar inqirozi» takrorlanishi mumkinligi haqidagi xavotirlar kuchaymoqda. O‘shanda ko‘plab startaplar hech qanday real natija ko‘rsatmasdan kelajakdagi foyda vaʼdalarini sotish orqali ulkan kapital to‘plagan, oqibatda pufak yorilib, ommaviy bankrotlik va ish o‘rinlarining qisqarishi yuz bergan edi.
Joriy yilda SI yetakchilarining bozor qiymati tarixiy cho‘qqilarga chiqdi: Alphabet — 3,5 trillion dollar, OpenAI — 500 milliard dollar, NVIDIA esa kapitallashuvi 5 trillion dollarga yetgan birinchi kompaniyaga aylandi. Shunga qaramay, ayrim yirik investorlar ehtiyotkorlik yo‘lini tanlamoqda. Xususan, Piter Tilning fondi NVIDIA aksiyalariga kiritgan 94 million dollarlik sarmoyasini qaytarib oldi. 2007 yilgi ipoteka inqirozini oldindan ko‘ra bilgani bilan mashhur Maykl Byurri esa yarimo‘tkazgichlar bozori va Palantir aksiyalari tushishini bashorat qilmoqda.
New Atlas nashrining yozishicha, agar SI industriyasidagi “pufak” yorilsa, texnologiya sektorida keng ko‘lamli qisqartirishlar yuz berishi mumkin. Xalqaro valyuta jamg‘armasining sobiq bosh iqtisodchisi Gita Gopinatning hisob-kitoblariga ko‘ra, ehtimoliy qulash AQSH uy xo‘jaliklarining 20 trillion dollar, jahon investorlarining esa 15 trillion dollar mablag‘i yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin. Shunga qaramay, mutaxassislar dotkom inqirozidan so‘ng internet yana-da mustahkam texnologiyaga aylangani kabi, SI sanoati ham vaqt o‘tishi bilan oqilona va barqaror rivojlanish yo‘liga o‘tishini taʼkidlamoqda.