Bloomberg agentligining xabar berishicha, Mark Sukerberg Meta kompaniyasining strategik yo‘nalishini o‘zgartirmoqda: metakoinotga (metaverse) yo‘naltirilgan investitsiyalar keskin qisqartirilib, asosiy urg‘u sun’iy intellektga berilmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, 2026-yilga borib metakoinot loyihalariga mas’ul bo‘lgan Reality Labs bo‘limining budjeti 30 foizga qisqartirilishi rejalashtirilgan. Agar ushbu qaror tasdiqlansa, tejamkorlik choralari kelasi yildanoq kadrlar o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, garchi hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda Facebook Inc. nomi Meta’ga o‘zgartirilganda, Sukerberg virtual olamni korporatsiya kelajagi deb atagan edi. U odamlar avatarlar yordamida ishlaydigan, muloqot qiladigan va savdo qiladigan dunyoni yaratishni maqsad qilgandi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu yo‘nalish kutilgan natijani bermadi: Reality Labs shu kunga qadar kompaniyaga 70 milliard dollardan ortiq zarar keltirdi.
Iqtisod qilinadigan mablag‘lar endilikda kompaniyaning istiqbolli yo‘nalishlariga — xususan, AI integratsiya qilingan aqlli ko‘zoynaklar, taqiladigan AR/VR qurilmalari va sun’iy intellektga asoslangan boshqa maqsadli loyihalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
E’tiborlisi, so‘nggi paytlarda Mark Sukerberg ommaviy chiqishlarida metakoinot haqida deyarli gapirmay qo‘ydi. Uning nutqlari va intervyularida asosiy mavzular chat-botlar, generativ AI mahsulotlari, yirik til modellari (LLM) va sun’iy intellektni qurilmalarga integratsiya qilishga qaratilmoqda. Ayni vaqtda Meta AI-assistentlari va real vaqtda ishlovchi ko‘zoynaklarni asosiy drayver sifatida rivojlantirishga kirishgan.
Shu tariqa, bir paytlar «kelajak platformasi» sifatida qaralgan metakoinot konsepsiyasi Meta’ning asosiy kun tartibidan tushib qolmoqda. Kompaniya endilikda global AI poygasida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.