Global isish sunʼiy intellekt va bulutli xizmatlar uchun muhim infratuzilma hisoblangan maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari faoliyatiga tobora ko‘proq taʼsir ko‘rsatmoqda. Maplecroft tadqiqotiga ko‘ra, dunyodagi eng yirik data-markazlarning yarmidan ko‘pi yuqori iqlimiy xavfga duch kelmoqda va 2040 yilga kelib bu ko‘rsatkich 68 foizga yetishi mumkin. Ayniqsa, qurg‘oqchil hududlarda sovutish uchun energiya va suv sarfining ortishi tizimlarning uzluksiz ishlashini xavf ostiga qo‘yadi hamda ijtimoiy va siyosiy kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin.

Maplecroft bashoratlariga ko‘ra, bugungi kunda data-markazlarning 56 foizi harorat ko‘tarilishi tufayli yuqori yoki juda yuqori xavf zonasida joylashgan bo‘lsa, 2040 yilga kelib bu ko‘rsatkich 68 foizga, 2080 yilga kelib esa 80 foizga yetishi mumkin.
Bu tendensiya, ayniqsa, ayrim mintaqalarda yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2040 yilga borib Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharqdagi barcha data-markazlar yuqori yoki juda yuqori xavfga duch kelishi kutilmoqda. Shu bois, bunday obyektlar uchun joy tanlashga strategik yondashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Qisqa va o‘rta muddatli istiqbolda 2022 yilda Buyuk Britaniya va AQSHda sodir bo‘lgani kabi, haddan tashqari qizib ketish tufayli maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari o‘chirilishi tez-tez yuz berishi mumkin.
Hisobotda taʼkidlanishicha, suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi baʼzi hududlarda ijtimoiy va siyosiy ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin. 2030 yilga borib data-markazlarning 52 foizi suv tanqisligi keskin bo‘lgan hududlarda joylashishi kutilmoqda. Yaqin Sharqdagi Abu-Dabi va Dubay, Afrikadagi Lagos va Yohannesburg, Shimoliy Amerikadagi Los-Anjeles va San-Diego, Osiyodagi Chennai va Nyu-Dehli kabi hududlar yuqori xavf zonalari hisoblanadi.
Mutaxassislar taʼkidlashicha, operatorlar, mijozlar va investorlar tobora kuchayib borayotgan iqlimiy va ijtimoiy-siyosiy xatarlarni baholashlari lozim. Bu nafaqat ularning o‘z barqarorligi uchun, balki nazorat organlari kompaniyalarning tashqi hamkorlari bilan bog‘liq xatarlarni qanday boshqarishini tobora diqqat bilan kuzatib borayotgani uchun ham juda muhimdir.