Janubiy Koreya 2026-yil 22-yanvardan boshlab sun’iy intellekt (AI) to‘g‘risidagi milliy qamrovli qonunni (Framework Act on AI) kuchga kiritishni rejalashtirmoqda. Yangi qonun sun’iy intellekt bo‘yicha milliy qo‘mita tuzishni, texnologiyalarni rivojlantirishning uch yillik rejasini ishlab chiqishni, shuningdek, xavfsizlik va shaffoflik talablarini, jumladan, ayrim AI tizimlari uchun ma’lumotlarni majburiy oshkor etishni nazarda tutadi.

Agar reja to‘liq amalga oshsa, Janubiy Koreya AI sohasida keng qamrovli me’yoriy-huquqiy bazaga ega bo‘lgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi. Taqqoslash uchun: ushbu sohada birinchi bo‘lib qonunchilikni qabul qilgan Yevropa Ittifoqi aksariyat qoidalarni faqat 2026-yil avgust oyidan qo‘llashni boshlaydi, ayrim bandlar ijrosi esa biznes vakillarining bosimi va global raqobat sababli 2027-yilgacha kechiktirilishi mumkin.
Biroq yangi qonunchilikning juda tez joriy etilishi soha vakillarini jiddiy xavotirga solmoqda. Startup Alliance tashkilotining yaqinda o‘tkazgan so‘rovi natijalariga ko‘ra, AI yo‘nalishidagi 101 ta Janubiy Koreya startapining 98 foizi yangi qoidalarga moslashish tizimiga ega emas. Respondentlarning 48,5 foizi qonun haqida umuman ma’lumotga ega bo‘lmasa, yana 48,5 foizi qonundan xabardor bo‘lsa-da, unga tayyor emasligini bildirgan. Koreya internet-korporatsiyalari uyushmasi vakilining ta’kidlashicha, kompaniyalar, ayniqsa, startaplar uchun tayyorgarlik vaqti yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Ekspertlarning ogohlantirishicha, joriy jadvalga ko‘ra, ba’zi kompaniyalar 22-yanvardan keyin o‘z xizmatlarini keskin o‘zgartirishga yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Agar talablar haddan tashqari qattiq bo‘lsa, korxonalar o‘z loyihalarini Janubiy Koreyada emas, balki tartibga solish tizimi yumshoqroq va ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lgan Yaponiya kabi davlatlarda ishga tushirishni ma’qul ko‘rishi mumkin.
Ayniqsa, AI yordamida yaratilgan kontentni «suv belgilari» (watermark) bilan majburiy tamg‘alash qoidasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Soha vakillarining fikricha, hatto yuzlab mutaxassislar mehnati singgan mahsulot ham «AI yordamida yaratilgan» degan yorliq bilan chiqsa, iste’molchilar tomonidan salbiy qabul qilinishi mumkin. Bundan tashqari, tamg‘alashga qo‘yiladigan talablar haligacha noaniq bo‘lib, kontent yaratuvchilarning fikri inobatga olinmagan.