Xitoy regulyatori «odamsimon» (antropomorf) sun’iy intellekt – hissiyotlar, fikrlash va muloqotni taqlid qiluvchi tizimlar uchun qoidalar loyihasini tayyorladi. Hujjat ko‘p bosqichli nazoratni taklif etadi hamda milliy xavfsizlik, ruhiy salomatlik yoki ijtimoiy tartibga zarar yetkazuvchi kontentni taqiqlaydi. Shuningdek, dasturchilardan foydalanuvchilarni mashina bilan muloqot qilayotgani haqida aniq ogohlantirish talab qilinadi.

Image credit: hightech.plus

Ushbu choralar inson xususiyatlari, fikrlash modellari va muloqot uslublarini taqlid qiluvchi, shuningdek, matn, tasvir, audio yoki video orqali foydalanuvchilar bilan hissiy aloqani ta’minlovchi mahsulot va xizmatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Hujjatda milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi, milliy sha’nni kamsituvchi, etnik birlikka putur yetkazuvchi, noqonuniy diniy faoliyatni targ‘ib qiluvchi, iqtisodiy yoki ijtimoiy tartibni buzuvchi mish-mishlarni tarqatuvchi, shuningdek, pornografiya, qimor o‘yinlari, zo‘ravonlik yoki jinoyatga undashni o‘z ichiga olgan kontentni yaratish va tarqatish qat’iyan taqiqlanadi.

Loyihada foydalanuvchilarning ruhiy yoki jismoniy salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontentga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, o‘ziga zarar yetkazishni rag‘batlantirish, og‘zaki haqoratlar va foydalanuvchi qadr-qimmatini kamsituvchi hissiy manipulyatsiyalar taqiqlanadi.

Sun’iy intellekt xizmatlarini ko‘rsatuvchilar foydalanuvchilarga ular inson bilan emas, balki mashina bilan muloqot qilayotganini ma’lum qilishlari shart. Shuningdek, qaramlik belgilari kuzatilganda yoki xizmatdan ilk bor foydalanish chog‘ida maxsus ogohlantirish (qalqib chiquvchi oynalar) ko‘rsatilishi kerak.

Janubi-g‘arbiy siyosiy fanlar va huquq universiteti rektori hamda Xitoy yuridik jamiyati vitse-prezidenti Lin Veyning ta’kidlashicha, antropomorf sun’iy intellekt inson va mashina o‘rtasidagi muloqotni yanada hissiy va shaxsiylashtiradi. Uning fikricha, agar bunday texnologiyalar tegishli tartibda nazorat qilinmasa, fuqarolar huquqlarini buzishi va ijtimoiy tartibni izdan chiqarishi mumkin.

Linning so‘zlariga ko‘ra, e’lon qilingan loyiha milliy strategik ustuvorliklarga mos keladi va xatarlarni boshqarishda tizimli yondashuvni shakllantiradi. U xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etishning asosiy bosqichlarida ko‘p qirrali nazorat tizimini o‘rnatadi. Bu Xitoyda antropomorf sun’iy intellektning xavfsiz, adolatli va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan