Bir qator olimlar o‘z ilmiy ishlarini nashriyotlardan qaytarib olishga majbur bo‘lishdi. Bunga sabab sifatida ularning maqolalarini baholagan «ekspertlar» aslida inson emas, balki ChatGPT yoki Claude kabi yirik til modellari (LLM) ekanligi aniqlangani ko‘rsatilmoqda. The Decoder nashrining yozishicha, bu holat ilmiy nashriyot tizimidagi jiddiy inqirozni yana bir bor yuzaga chiqargan.

Xususan, 2025-yilning kuz oylarida bir guruh mualliflar o‘z maqolalariga berilgan taqrizlardan shubhalanib qolishgan. Sun’iy intellekt tomonidan yozilgan taqrizlarda fikrlarning o‘ta umumiyligi, aniq ilmiy tanqidning yo‘qligi, qolipdagi iboralarning ko‘pligi va hatto «gallyutsinatsiyalar» (to‘qima faktlar) mavjudligi kuzatilgan. Shubhalarni tasdiqlash maqsadida mualliflar taqriz matnlarini maxsus AI-detektorlar orqali tekshirishganda, ularning 90–98 foiz ehtimollik bilan sun’iy intellekt tomonidan yozilgani ma’lum bo‘lgan.
Eng shov-shuvli holatlardan biri jurnalistika va kommunikatsiya sohasidagi nufuzli jurnallardan birida qayd etildi. Mualliflar kelgan taqrizni o‘qish jarayonida «Men sun’iy intellekt til modeli sifatida shaxsiy fikrga ega bo‘la olmayman, lekin shuni aytishim mumkinki…» degan jumlaga duch kelishgan. Bu esa «taqrizchi»ning asl yuzini fosh qildi va ayrim muharrirlar ishni tezlashtirish uchun haqiqiy olimlar o‘rniga neyrotarmoqlardan foydalanayotganini ko‘rsatdi. Yana bir holatda esa, kompyuter fanlari bo‘yicha jurnallardan birida berilgan taqrizda mavjud bo‘lmagan olimlar va soxta manbalarga havola qilingan. Qizig‘i shundaki, taqriz matni Claude 3.5 modeliga yuklab ko‘rilganda, neyrotarmoq matnni «tanidi» va uni o‘zi yozgan bo‘lish ehtimoli yuqoriligini tasdiqladi.
Ko‘plab olimlar bunday sifatsiz taqrizlarni rad etib, o‘z maqolalarini jurnallardan qaytarib olishmoqda va buni «kasb etikasiga xiyonat» deb baholashmoqda. Ayrim nashriyotlar «tezlashtirilgan taqriz» jarayonida sun’iy intellektdan yordamchi vosita sifatida foydalanilganini tan olsa-da, yakuniy qaror baribir inson tomonidan qabul qilinishini aytib, o‘zlarini oqlashga urinmoqda. Shunga qaramay, hozirda qator jurnallar ishonchni tiklash uchun «Taqrizchilar faqat haqiqiy insonlar bo‘lishi shart» degan qat’iy siyosatni joriy qilishga o‘tdi.