Oq uyning sunʼiy intellekt harakatlar rejasi bo‘yicha so‘roviga javoban, Anthropic kompaniyasi Fan va texnologiya siyosati idorasiga (FTTI) tavsiyalar taqdim etmoqda. Ushbu tavsiyalar Amerikani kuchli sunʼiy intellekt tizimlarining iqtisodiy foydalari va milliy xavfsizlikka taʼsirini to‘liq anglashga yaxshiroq tayyorlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bosh ijrochi direktorimiz Dario Amodey “Mehr-shafqatli mashinalar” (Machines of Loving Grace) asarida yozganidek, biz kuchli sunʼiy intellekt tizimlari 2026 yil oxiri yoki 2027 yil boshlarida paydo bo‘lishini kutmoqdamiz. Kuchli sunʼiy intellekt tizimlari quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi:
- biologiya, informatika, matematika va muhandislik kabi aksariyat fanlar bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlarining intellektual qobiliyatlariga teng yoki undan yuqori darajadagi imkoniyatlar;
- inson foydalana oladigan barcha interfeyslardan foydalanish imkoniyati, shu jumladan matn, audio va videoni qayta ishlash hamda yaratish, sichqoncha va klaviatura kabi texnologik vositalarni mustaqil boshqarish, internetga kirish va undan foydalanish qobiliyati;
- yuqori malakali xodim kabi, zarur bo‘lganda tushuntirish va fikr-mulohazalarni so‘rab, uzoq muddat – soatlar, kunlar yoki hatto haftalar davomida murakkab vazifalar ustida mustaqil mushohada yuritish;
- tashqi dunyo bilan aloqa qilish, laboratoriya uskunalarini, robot tizimlarini va ishlab chiqarish asboblarini raqamli aloqalar orqali boshqarish.
So‘nggi ishlarimiz kuchli sunʼiy intellekt tez orada paydo bo‘lishi haqidagi fikrga qo‘shimcha dalillar keltiradi: yaqinda taqdim etilgan Claude 3.7 Sonnet va Claude Code, boshqa ilg‘or laboratoriyalar tomonidan ishlab chiqilgan tizimlar kabi, imkoniyatlarning sezilarli darajada yaxshilanganini va “mustaqillik”ka erishayotganini ko‘rsatmoqda.
Bizning fikrimizcha, Qo‘shma Shtatlar texnologik yetakchilikni saqlab qolish uchun qatʼiy choralar ko‘rishi lozim. Tavsiyalarimiz barcha amerikaliklar uchun maksimal foyda keltirgan holda kuchli sunʼiy intellektning iqtisodiy va xavfsizlik oqibatlarini hal qilishga qaratilgan oltita asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:
1. Milliy xavfsizlikni sinash. Davlat idoralari ham mahalliy, ham xorijiy sunʼiy intellekt modellarining milliy xavfsizlikka bo‘lgan potensial taʼsirini baholash uchun keng qamrovli imkoniyatlarni ko’rib chiqishi kerak. Bu standart baholash tizimlarini yaratish, xavfsiz sinov infratuzilmasini barpo etish va joriy etilgan tizimlardagi zaifliklarni tahlil qilish uchun ekspert guruhlarini tashkil etishni o‘z ichiga oladi.
2. Eksport nazoratini kuchaytirish. Amerika va uning ittifoqchilari kuchli sunʼiy intellekt tizimlarining imkoniyatlaridan foydalanishlari va raqiblarimizning kuchli sunʼiy intellektni taʼminlovchi infratuzilmaga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yarimo‘tkazgichlar eksportiga cheklovlarni kuchaytirish tarafdorimiz. Bu H20 chiplarini nazorat qilish, chiplarni keng ko‘lamda joriy etayotgan mamlakatlar uchun hukumatlararo kelishuvlarni talab qilish va litsenziya talab qilinmaydigan chegaralarni pasaytirish kabi choralarni o‘z ichiga oladi.
3. Laboratoriya xavfsizligini oshirish. Sunʼiy intellekt tizimlari muhim strategik aktivlarga aylanib borar ekan, biz sunʼiy intellekt laboratoriyalari va razvedka idoralari o‘rtasida maxfiy aloqa kanallarini o‘rnatishni, soha mutaxassislari uchun xavfsizlik ruxsatnomasini tezkor berish tartibini joriy etishni va sunʼiy intellekt infratuzilmasi uchun yangi avlod xavfsizlik standartlarini ishlab chiqishni tavsiya etamiz.
4. Energetika infratuzilmasini kengaytirish. Sunʼiy intellekt sohasida yetakchilikdan ayrilmaslik uchun 2027 yilgacha qo‘shimcha 50 gigavatt maxsus quvvat yaratish bo‘yicha ulkan maqsadni belgilashni taklif qilamiz. Shu bilan birga ruxsat berish va tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirishi ham zarur.
5. Davlat tomonidan sunʼiy intellektni qabul qilishni tezlashtirish. Sunʼiy intellekt yordamida takomillashtirish mumkin bo‘lgan ish jarayonlarini butun hukumat miqyosida ro‘yxatga olishni va agentlik rahbarlariga sunʼiy intellekt sezilarli ijtimoiy foyda keltirishi mumkin bo‘lgan dasturlarni amalga oshirish vazifasini topshirishni taklif etamiz.
6. Iqtisodiy taʼsirlarga tayyorgarlik. Sunʼiy intellektning afzalliklari butun jamiyat bo‘ylab keng tarqalishini taʼminlash uchun Aholini ro‘yxatga olish byurosi so‘rovnomalari kabi iqtisodiy maʼlumotlarni to‘plash mexanizmlarini modernizatsiya qilishni va iqtisodiyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya etamiz.
Ushbu tavsiyalar kompaniyaning tajribasiga asoslangan bo‘lib, bunda biror amaliyotni keng miqyosda qo‘llash, sinov va baholashda o‘ta masʼuliyat bilan yondashishni targ‘ib qilish muhim o‘rin tutadi. Maqsadimiz – muvozanatga erishish – innovatsiyalarni taʼminlash bilan birga tobora kuchayib borayotgan sunʼiy intellekt tizimlari tomonidan yuzaga keladigan jiddiy xavflarni kamaytirish.
Bu yerda keltirilgan havola orqali tavsiyalar bilan batafsil tanishib chiqish mumkin. O‘ylaymizki, ushbu takliflar AQSh hukumatiga ushbu muhim texnologik o‘tish davrida kerakli strategiyalarni ishlab chiqishda asqotadi.