Ongni o‘rganish bo‘yicha ilmiy izlanishlar so‘nggi yillarda to‘xtab qolgandek. Hozirga qadar 200 dan ortiq raqobatchi nazariya mavjud bo‘lsa-da, ularning birortasi ham asosiy savolga — nega va qanday qilib 1,5 kilogrammlik jelesimon miya insonning boy subyektiv tajribasini yarata olishiga aniq javob bera olmayapti.

Image credit: dailyneuron.com

Buning asosiy sabablaridan biri anʼanaviy usullarning samarasizligidir. Ongni “neyron korrelyatlar” orqali o‘rganish, yaʼni ongli holatlarda miyaning faol hududlarini skanerlash, o‘z mohiyatini yo‘qotgan. Bu yondashuv “avtomobilning tuzilishini faqat harakatdagi detallarni kuzatish orqali tushunishga urinish”ga o‘xshaydi: u jarayonlarni tasvirlaydi, lekin subyektiv tajribaning mohiyatini ochib bermaydi. Qolaversa, u haqiqiy ong jarayonlarini tasodifiy neyron faollikdan ajrata olmaydi.

Ushbu noaniqlik bir-biriga zid bo‘lgan ko‘plab nazariyalarni keltirib chiqardi. Bugungi bahslarda to‘rtta asosiy yondashuv yetakchilik qilmoqda. Birinchisi – Global ishchi maydon nazariyasi (Global Workspace Theory) bo‘lib, unga ko‘ra miya tahririyatga o‘xshaydi: maʼlumot “milliy efirga” chiqqandagina ong yuzaga keladi. Ikkinchisi – Yuqori tartibli nazariya (Higher-Order Theory), unda anglash uchun miya nafaqat tajribani his qilishi, balki “men buni his qilyapman” deb qayd etuvchi ikkinchi darajali holatga ham ega bo‘lishi kerak. Uchinchisi, Integrallashgan axborot nazariyasi (Integrated Information Theory) ongni tizimning ichki xususiyati deb biladi: axborot qanchalik zich integratsiya qilinsa, ong darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Va nihoyat, Bashoratli kodlash (Predictive Coding) nazariyasiga ko‘ra, miya dunyoni passiv qabul qilmaydi, balki uni faol bashorat qiladi va ong – bu “nazorat qilinadigan gallyutsinatsiya”dir.

Uzoq vaqt davomida bu nazariyalar faqat o‘z pozitsiyasini tasdiqlashga intildi. Ushbu to‘siqni yengish uchun olimlar yangi yondashuvni — “raqobatli hamkorlik” (adversarial collaboration) modelini sinashmoqda. Bunda turli nazariya tarafdorlari birgalikda qo‘shma tajribalarni ishlab chiqadi va natijalarni birgalikda tahlil qiladi. Bu usul doirasidagi Cogitate Consortium loyihasining dastlabki natijalari shuni ko‘rsatdiki, mavjud maʼlumotlar hech bir nazariyani to‘liq qo‘llab-quvvatlamaydi. Olimlar buni ijobiy holat deb baholashmoqda, chunki bu fanni qayta harakatga keltiruvchi yangilanish uchun imkoniyat yaratadi.

Ongni chuqurroq tushunish nazariy bahslardan tashqarida ham muhim. Bu boradagi izlanishlar allaqachon tibbiyotda amaliy samara bermoqda. Yangi neyrovizual usullar komadagi bemorlar bilan muloqot qilish va ularning ongli holatini baholash imkonini yaratmoqda. Shuningdek, subyektiv tajriba mexanizmlarini o‘rganish depressiya va shizofreniya kabi ruhiy kasalliklarni davolashda yangi yondashuvlarni taklif etishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan