Sunʼiy intellekt (SI) dori ishlab chiqarish sohasida inqilobiy imkoniyatlarni taqdim etmoqda. U oqsillar va kichik molekulalar o‘rtasidagi o‘zaro taʼsirni bashorat qilish orqali yangi dorilarni yaratish jarayonini misli ko‘rilmagan darajada tezlashtirmoqda. Biroq Bazel universiteti olimlari o‘tkazgan so‘nggi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, SI aslida bu jarayonni chuqur anglamayapti: u faqat o‘quv maʼlumotlaridagi qonuniyatlarni mexanik ravishda eslab qoladi, lekin bog‘lanishlarning fizik asoslarini hisobga olmaydi.

Image credit: hightech.plus

Oqsillar inson organizmi va tibbiyotda hal qiluvchi ahamiyatga ega: ular fermentlar, antitanalar va dori molekulalari uchun asosiy “nishon” vazifasini bajaradi. Yangi davolash usullarini ishlab chiqish uchun olimlar avvalo oqsillarning uch o‘lchamli tuzilishini o‘rganadilar, chunki aynan shu tuzilish ularning vazifasi va dori molekulalari bilan bog‘lanish qobiliyatini belgilaydi.

Mashinali o‘rganishning taraqqiyoti AlphaFold va RosettaFold kabi modellarining yaratilishiga olib keldi. Ular aminokislotalar zanjiri qanday qilib murakkab uch o‘lchamli shaklga buklanishini yuqori aniqlikda bashorat qila oladi. Bu dasturlar biokimyoda yangi davrni boshlab berdi va 2024 yilda ularning yaratuvchilariga Nobel mukofotini olib keldi. Endilikda modellarining yangi avlodi nafaqat tuzilishni, balki oqsil va ligandlar (dori tarkibiy qismlari) o‘rtasidagi o‘zaro taʼsirni ham bashorat qilishga harakat qilmoqda. Bu, nazariy jihatdan, dori yaratish jarayonini yana-da samarali qilishi kerak edi.

Biroq Bazel universiteti tadqiqotchilari SI modellari haqiqatan ham bog‘lanish fizikasini tushuna olish-olmasligini tekshirish uchun tajriba o‘tkazdi. Ular oqsil va ligandlarning aminokislota ketma-ketligini ataylab shunday o‘zgartirishdiki, real hayotda bunday bog‘lanish fizika qonunlariga ko‘ra imkonsiz edi. Natijalar hayratlanarli bo‘ldi: holatlarning yarmidan ko‘pida SI modellari bu o‘zgarishni “sezmadi” va go‘yo hech narsa o‘zgarmaganday, avvalgi tuzilishni takrorladi. Bu SIning faqat maʼlumotlarning tashqi o‘xshashliklarini anglashini, ammo oqsillar o‘rtasidagi fizik kuchlar va molekulyar muhitni hisobga olmasligini fosh qildi.

Tadqiqot bosh muallifi, professor Markus Lill taʼkidlaganidek, asosiy muammo shundaki, “sunʼiy intellekt modellari o‘quv maʼlumotlariga o‘xshamaydigan yangi oqsillar bilan ishlaganda tezda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”. Aynan shu holat – yangi, ilgari kuzatilmagan biologik tizimlar bilan ishlash – innovatsion dorilar yaratishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu sababli, olimlar SI modellarini hozircha faqat yordamchi vosita sifatida qo‘llashni va ular bergan bashoratlarni tajribada yoki fizik-kimyoviy hisob-kitoblar bilan albatta tekshirishni tavsiya etmoqda. Kelajakda SI modellariga fizika qonunlarini singdirish – yaʼni ularni molekulyar kuchlar va energiya prinsiplariga moslashtirish – dori yaratishda yana-da ishonchli natijalarga olib kelishi mumkin.

Bazel tadqiqoti shunday xulosa qiladi: “Sunʼiy intellekt hozircha olimni almashtira olmaydi. Ammo u to‘g‘ri yo‘nalishda boshqarilsa, dori kashfiyoti jarayonini ilgari tasavvur etilmagan darajada tezlashtirishi mumkin.”

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan