Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning shiddatli rivojlanishi “simulyatsiya gipotezasi”ni – butun borliq rivojlangan sivilizatsiya yaratgan murakkab kompyuter dasturi bo‘lishi mumkin, degan g‘oyani yana-da ommalashtirdi. Bu nazariyani hatto taniqli olimlar ham qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, Britaniya Kolumbiyasi universiteti (Kanada) tadqiqotchilari boshchiligidagi xalqaro guruh bu fikrni rad etib, Koinotning simulyatsiya bo‘lishi matematik jihatdan imkonsiz ekanini isbotladi.

Doktor Mir Fayzal va uning hamkasblari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, voqelikning fundamental tabiatini hech qanday kompyuter yoki algoritm yordamida to‘liq modellashtirib bo‘lmaydi. Olimlarning xulosasiga ko‘ra, Koinot har qanday hisoblash tizimining tushunish chegarasidan tashqarida joylashgan. Fizik voqelik bu algoritmlar orqali qayta yaratiladigan oddiy tuzilma emas, balki uning negizida hisoblashning o‘zi ham bo‘ysunmaydigan chuqurroq tamoyillar yotadi.
Phys.org nashrining yozishicha, bu xulosa fizikaning eng ilg‘or g‘oyalariga asoslanadi. Zamonaviy kvant gravitatsiyasi nazariyasiga ko‘ra, hatto fazo va vaqtning o‘zi ham «asosiy reallik» emas, balki axborotdan kelib chiqqan hosilalardir. Bu axborot esa «Platon saltanati» deb ataluvchi, sof matematik asosda mavjud bo‘lgan abstrakt olamda joylashgan. Boshqacha aytganda, biz bilgan makon, zamon, energiya va modda aynan shu abstrakt olamdan kelib chiqadi.
Olimlar bu modelning o‘zida ham hisoblash chegarasi borligini ko‘rsatib berishdi. Ular Gyodelning «to‘liqsizlik teoremasi»ga tayanib, hech bir hisoblash tizimi (kompyuter) barcha haqiqatlarni to‘liq va ziddiyatsiz tasvirlay olmasligini isbotladi. Hatto eng qudratli superkompyuter ham algoritm doirasida, yaʼni faqat bosqichma-bosqich mantiqiy amaliyotlar orqali ishlaydi. Biroq, baʼzi haqiqatlar faqat «noalgoritmik tushunish» orqali anglanishi mumkin. Bunga “Bu fikrni isbotlab bo‘lmaydi” degan paradoksal jumla misol bo‘la oladi: agar bu fikr isbotlansa, u yolg‘onga aylanadi; agar isbotlanmasa, u haqiqat bo‘lib qoladi, lekin isbotsiz. Bu esa har qanday hisoblash tizimi uchun ziddiyatdir.
Doktor Mir Fayzal buni shunday izohlaydi: “Biz kvant gravitatsiyasi va hisoblash nazariyasi orqali fizik voqelikni to‘liq tavsiflab bo‘lmasligini ko‘rsatdik. Demak, faqat hisoblashlar yordamida fizik jihatdan to‘liq va ziddiyatsiz borliq nazariyasini yaratib bo‘lmaydi. Buning uchun fazo-vaqtdan ham fundamentalroq bo‘lgan noalgoritmik tushunish zarur.”
Tadqiqotchilar Gyodelning to‘liqsizlik teoremasi va kvant noaniqligiga asoslangan matematik isbotlar orqali shunday xulosaga kelishdi: hech qanday hisoblash tizimi – hatto cheksiz qudratli kompyuter ham – voqelikni to‘liq, ziddiyatsiz va mukammal tarzda modellashtira olmaydi.
Demak, Koinot – bu hisob-kitob (simulyatsiya) emas, balki hisoblash chegaralaridan tashqaridagi chuqur “tushunish” ifodasidir. Shu sababli, biz yashayotgan borliq simulyatsiya bo‘lishi mumkin emas.