Sun’iy intellekt sohasida raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, OpenAI o‘zining eng yangi GPT-5 modeli yordamida matematika, biologiya va fizika kabi fundamental fanlardagi ilmiy izlanishlarni keskin jadallashtirishga erishilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda The Financial Times xabar bermoqda.

Yarim trillion dollarga baholanayotgan startapning ta’kidlashicha, GPT-5 modeli murakkab ilmiy masalalarni yechishda tadqiqotchilarga yaqindan ko‘maklashmoqda. Kompaniya e’lon qilgan ilmiy hisobotga ko‘ra, mazkur model Kolumbiya universiteti olimlariga Erdyosh nazariyasiga oid, avval yechimi topilmagan murakkab matematik tenglamani hal qilishda yordam bergan. Professorlar yillar davomida o‘rgangan ushbu masala bo‘yicha sun’iy intellekt modeli bir necha daqiqa ichida to‘g‘ri yechim yo‘nalishini ko‘rsatib bera olgan.
OpenAI vakillarining so‘zlariga ko‘ra, GPT-5 immunologiya sohasidagi ilmiy amaliyotlarni ham sezilarli darajada tezlashtirgan. Model inson immun tizimi hujayralaridagi muayyan o‘zgarishlarni sanoqli daqiqalarda aniqlagan, vaholanki, olimlar bunday xulosaga kelishi uchun odatda oylab mehnat qilishlariga to‘g‘ri kelar edi. E’tiborlisi, sun’iy intellekt nafaqat tahlil qilgan, balki tadqiqotchilar tekshirib ko‘rishi mumkin bo‘lgan yangi tajriba ssenariylarini ham taqdim etgan.
OpenAI’ning tadqiqotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Kevin Veylning fikricha, GPT-5 kabi vositalar jahon ilm-fani rivojiga sifat jihatidan yangi sur’at bag‘ishlaydi:
«Agar bunday imkoniyatlar dunyo bo‘ylab barcha olimlarga taqdim etilsa, odatda yigirma besh yil talab qiladigan tadqiqot hajmini besh yilda amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi», — dedi u.
Texnologiya gigantlari o‘rtasida sun’iy intellekt yordamida yangi dori vositalari yaratish, innovatsion materiallarni kashf etish va ilmiy muammolarni hal qilish borasidagi poyga avj olgan bir vaqtda, OpenAI’ning ushbu bayonoti sohada katta qiziqish uyg‘otdi.