ChatGPT Enterprise butun dunyo bo‘ylab 7 milliondan ortiq ish o‘rinlarida joriy etilgan, biroq OpenAIning yangi hisoboti xodimlarning korporativ sun’iy intellektdan foydalanishida keskin tafovut borligini ko‘rsatmoqda. Vositalardan foydalanish imkoniyati teng bo‘lishiga qaramay, faollik darajasi keskin farq qiladi: eng faol foydalanuvchilarning 5 foizi o‘rtacha xodimga qaraganda olti barobar ko‘p so‘rov (xabar) yuboradi, dasturlash vazifalarida esa bu farq 17 barobarga yetadi. Sun’iy intellekt davrida texnologiyaga shunchaki ega bo‘lganlar emas, balki ularni kundalik ish jarayonining ajralmas qismiga aylantirganlar yutuqqa erishmoqda.
Asosiy farq texnologiyaning mavjudligida emas (barcha xodimlarda imkoniyat teng), balki ko‘nikma va foydalanish muntazamligidadir. Oyiga bir marta kiradigan foydalanuvchilarning 19 foizi hech qachon ma’lumotlarni tahlil qilish funksiyasidan, 14 foizi mantiqiy mulohaza (reasoning) qobiliyatidan va 12 foizi qidiruv tizimidan foydalanmagan. Chat-botga har kuni murojaat qiluvchilar orasida esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda atigi 3% va 1% ni tashkil etadi. Chegara AIni har kuni oddiy ish quroli sifatida ishlatadiganlar va unga faqat zarurat tug‘ilganda murojaat qiladiganlar o‘rtasidan o‘tadi.
Sun’iy intellektdan muntazam foydalanish unumdorlikni oshiradi. Dasturlash va tahlildan tortib tarjima va kontent yaratishgacha bo‘lgan 7 yoki undan ortiq turdagi vazifalar uchun AIni qo‘llaydigan xodimlar, faqat 4 xil vazifa bilan cheklanganlarga qaraganda 5 barobar ko‘proq vaqtni tejaydilar. Ish vaqtini haftasiga 10 soatdan ko‘proqqa qisqartirganlar, vaqt tejashni qayd etmagan xodimlarga qaraganda 8 barobar ko‘proq AI-kreditlarini sarflaydilar.
Samara asta-sekin yig‘ilib boradi: faol foydalanuvchilar vositalarni qo‘llashning yangi usullarini kashf etadilar, samaradorlikni oshiradilar va mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Xususan, bunday xodimlarning 75 foizi AI ularga avvallari imkonsiz bo‘lgan vazifalarni bajarishga yordam berganini ta’kidlaydi. Masalan, marketing yoki HR bo‘limi xodimi skript yozishni va ish jarayonlarini avtomatlashtirishni o‘rganib, bunday qilmagan hamkasbidan yaqqol ustunlikka erishishi mumkin.
Tafovut kompaniyalar darajasida ham seziladi. AIni joriy etish bo‘yicha 95-protsentilda (eng yuqori 5% likda) turuvchi tashkilotlar o‘rtacha statistik kompaniyalarga qaraganda har bir xodim hisobiga ikki barobar ko‘proq so‘rov yuboradi. Maxsus GPT-vositalar uchun bu farq 7 barobarga yetadi. Bu turlicha yondashuvni ko‘rsatadi: o‘rta darajadagi kompaniyalarda xodimlar undan yakka tartibda foydalansa, ilg‘or kompaniyalarda AI standartlashtirilgan jarayonlar va ichki tizimlar integratsiyasi orqali infratuzilmaning bir qismiga aylangan.
Norasmiy yoki «soya» (shadow) AI vositalari ham muhim rol o‘ynaydi: xodimlarning 90 foizdan ortig‘i, kompaniya rasman ruxsat bermagan bo‘lsa-da, o‘zlarining AI yechimlaridan foydalanadi. Bunday «yashirin» amaliyotlar texnologiyaning individual darajada qanday qo‘llanilayotganini ko‘rsatadi. Mustaqil ravishda obuna bo‘lgan, bo‘sh vaqtida tajriba o‘tkazayotgan va IT-bo‘lim ruxsatini kutmasdan ishini yengillashtirayotgan xodimlar rasmiy ko‘rsatma kutib o‘tirgan hamkasblaridan o‘zib ketmoqda.
Shu bilan birga, MIT tadqiqotiga ko‘ra, generativ sun’iy intellektga 30–40 milliard dollar sarmoya kiritilganiga qaramay, tashkilotlarning atigi 5 foizi sezilarli natijalarga erishmoqda. Biznes transformatsiyasida faqat texnologiya va media sohalari yetakchilik qilmoqda, boshqa sohalardagi yirik kompaniyalar esa «pilot loyihalar» bosqichida qolib ketmoqda.
Ikkala tadqiqotning asosiy xulosasi quyidagicha: muammo texnologiyaning yo‘qligida emas, balki odatlar va korporativ madaniyatda. AIni kundalik ish jarayoniga singdirganlar yutadi, qolganlar esa ortda qoladi. Farq dasturiy ta’minotda emas, balki xulq-atvorda shakllanadi va AI davridagi muvaffaqiyat aynan shunga bog‘liq bo‘ladi.