Xitoyning Unitree Robotics kompaniyasi odamsimon robotlar uchun maxsus «ko‘nikmalar do‘koni» (Skills Store) ochilishini e’lon qildi. Yangi platforma robotlarga raqs va jang san’atidan tortib, foydali maishiy harakatlargacha bo‘lgan tayyor ko‘nikmalarni yuklab olish va o‘rnatish imkonini beradi. Bu robotlarning real hayotdagi vazifalarga moslashishini tezlashtirishi kutilmoqda.

E’lon qilingan videoda platformaning mobil interfeysi namoyish etilgan. Foydalanuvchilar o‘z smartfonlari orqali bir klik bilan robotdagi turli dasturlarni — xoh u raqs bo‘lsin, xoh jang san’ati — ishga tushirishlari mumkin.
Platforma asosini «Harakatlar kutubxonasi» tashkil etadi. U yerda dasturchilar robotlar uchun yangi harakatlarni joylashtiradilar. Namoyish etilgan namunalar orasida «The Twist» raqsi, «Bruce Lee» jangovar usullari va «Funny Moves» (Kulgili harakatlar) to‘plami mavjud. Ko‘nikmalar yuklab olingach, avtomatik tarzda foydalanuvchining mobil ilovasi bilan sinxronlashadi.
Yangi tizim robotlarning funksionalligiga modulli yondashuvni joriy qilmoqda. Endi foydalanuvchilar proshivka (tizim) to‘liq yangilanishini kutib o‘tirmasdan, tashqi dasturchilar yaratgan aniq ko‘nikmalarni, masalan, «kiyimlarni taxlash» yoki «qo‘l siqib ko‘rishish» kabi funksiyalarni yuklab olishlari mumkin. Bu robotlarni kundalik hayotda yanada foydali yordamchiga aylantiradi.
Shuningdek, platformada robot algoritmlarini o‘qitish uchun «Ma’lumotlar to‘plami» (Datasets) bo‘limi ham bor. Foydalanuvchilar taekvondo yoki balet kabi harakatlar haqidagi ma’lumotlarni yuklashlari mumkin, bu esa robotlarga vazifalarni umumlashtirish va turli sharoitlarda o‘z qobiliyatlarini takomillashtirishga yordam beradi. Ishlab chiquvchilar uchun meta-ma’lumotlar va platforma APIsi bilan muvofiqlik bo‘yicha qat’iy talablar belgilangan.
«Ilovalar do‘koni»ning ishga tushirilishi Unitreening IPOga (aksiyalarni birjaga chiqarish) faol tayyorgarligi va ommaviy bozorga kirib borishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq, tashqi dasturchilar kodini yuklash imkoniyati xavfsizlik bilan bog‘liq xatarlarni oshirishi mumkin. Shu sababli ilovalarni moderatsiya qilish va tekshirish kompaniya uchun hal qiluvchi vazifa bo‘ladi.
Hozircha platformaning ommaviy havolasi (URL) e’lon qilinmagan. Shunga qaramay, Unitree nafaqat uskuna sotish, balki odamsimon robotlar uchun to‘laqonli ilovalar ekotizimini yaratish niyatida ekanligini yaqqol namoyish etmoqda.