OpenAI sog‘liqni saqlash sohasida sunʼiy intellektni qo‘llash bo‘yicha navbatdagi yirik qadamni tashladi. Kompaniya DNK tuzilishini kashf etishga ulkan hissa qo‘shgan britaniyalik olima Rozalind Franklin sharafiga nomlangan yangi GPT-Rosalind modelini taqdim etdi. Model biologik tadqiqotlar, biokimyo, yangi dori-darmonlarni kashf etish va translyatsion tibbiyotni jadallashtirish uchun maxsus yaratilgan.

OpenAI vakillarining taʼkidlashicha, GPT-Rosalind olimlarga dalillarni sintez qilish, gipotezalar ishlab chiqish, tajribalarni rejalashtirish va ulkan hajmdagi ilmiy maʼlumotlar bilan ishlashda yordam beradi. Farmatsevtika gigantlari – Amgen, Moderna va Allen Institute uning ilk foydalanuvchilariga aylandi. Model hozirda kompaniyaning biznes-mijozlari uchun tadqiqot rejimida (erta kirish) taqdim etilmoqda.
«Biz sunʼiy intellekt hayot haqidagi fanlar sohasidagi kashfiyotlarning dastlabki bosqichlarini tezlashtirishini maqsad qilganmiz», – deyiladi OpenAI bayonotida.
Biroq bu jo‘shqinlik fonida tobora ortib borayotgan xavflar ham eʼtiborga molik. Sunʼiy intellekt biologiya sohasida kuchayib borar ekan, mutaxassislar bunday texnologiyalardan nafaqat ezgu maqsadlarda foydalanish mumkinligidan xavotirda.
Bloomberg‘da eʼlon qilingan hisobotlarda taʼkidlanishicha, ilg‘or chat-botlar hozirdayoq xavfli patogenlarni tanlashdan tortib, ularni sintez qilish bo‘yicha ko‘rsatmalargacha bo‘lgan biologik qurol yaratish yo‘riqnomalarini tuzib bera olishi mumkin. To‘g‘ri, OpenAI “bioxavflar” yuzasidan doimiy ichki sinovlarni o‘tkazmoqda, biroq har bir yangi va kuchliroq model chiqishi bilan bu xavotirlar ham kuchayib bormoqda.
Shu bilan birga, 14 aprel kuni Bloomberg tibbiyotga oid nufuzli BMJ Open jurnalida eʼlon qilingan yangi tadqiqot natijalariga eʼtibor qaratdi. AQSH, Kanada va Buyuk Britaniya olimlari beshta mashhur chat-botni (ChatGPT, Gemini, Meta AI, Grok va DeepSeek) sinovdan o‘tkazishdi. Ularga beshta tibbiy yo‘nalish bo‘yicha ilmiy isbotlangan aniq javoblari bor bo‘lgan 50 ta savol berildi.
Natija esa kishini o‘ylantirib qo‘yadi: chat-botlar bergan javoblarning qariyb 50 foizi muammoli (noto‘g‘ri) bo‘lib chiqdi. Ularning 30 foizi “qisman muammoli”, 20 foizga yaqini esa “juda muammoli” deb topildi. Chat-botlar ko‘pincha o‘ta ishonch bilan noto‘g‘ri maʼlumot bergan, mavjud bo‘lmagan manbalarga (galyutsinatsiya) havolalar keltirgan va hatto xavfli savollarga javob berishdan ham bosh tortmagan. Garchi Grok “juda muammoli” javoblar bo‘yicha eng yomon natijani ko‘rsatgan bo‘lsa-da, umumiy javoblar sifati modellar o‘rtasida unchalik farq qilmadi.
Ushbu tadqiqot yana bir bor shuni tasdiqlaydiki, erishilgan yutuqlarga qaramay, sunʼiy intellekt hali qatʼiy inson nazoratisiz shifokor va olimlarning o‘rniga o‘ta olmaydi. Ayniqsa, gap millionlab insonlar salomatligi haqida ketayotganda.
Mutaxassislarning fikricha, GPT-Rosalind haqiqatan ham farmatsevtikada ulkan inqilob qilishi, yangi dorilarni ishlab chiqishga ketadigan o‘nlab yillarni qisqartirib, millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Ammo ayni paytda, texnologiya yovuz maqsadli shaxslar qo‘liga tushib qolmasligi uchun qatʼiy xavfsizlik choralari zarurligini ham unutmaslik kerak.
OpenAI hozirda innovatsiyalar va global xatarlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga urinmoqda. Endigi navbatdagi masala – sunʼiy intellektning kelajak dori-darmonlarini yaratish laboratoriyalariga rasman kirib kelganiga dunyo jamoatchiligi va regulyatorlar qanday munosabat bildirishidir.