Olimlar guruhi sunʼiy intellektdan foydalanib, zararli bakteriyalarni yo‘q qilishga qodir bo‘lgan yangi viruslar — bakteriofaglarni muvaffaqiyatli ishlab chiqdi. Bu haqda “Nature” jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib, “Semafor” nashri xabar berdi.

Tadqiqot davomida DNK, RNK va oqsillar ketma-ketligini tahlil qiluvchi va qayta yaratuvchi sunʼiy intellekt modellari qo‘llanilgan. Bu texnologiya yordamida muayyan bakteriya shtammlarini, jumladan, antibiotiklarga chidamli turlarini ham aniq nishonga olib, yo‘q qila oladigan virus genomlarini yaratish mumkinligi isbotlandi.
Dastlabki sinovlarda sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan 302 ta bakteriofagdan 16 tasi bakteriyalarni samarali zararlash xususiyatiga ega ekani aniqlandi.
Mutaxassislarning fikricha, bu yutuq kelajakda bakterial infeksiyalarga qarshi kurashda inqilobiy o‘zgarish yasashi va davolashning yangi usullarini yaratishga zamin yaratishi mumkin.
«Keyingi qadam — sunʼiy intellekt tomonidan to‘liq hayot yaratish bo‘ladi», — deya izoh berdi tadqiqot mualliflaridan biri.