Amerikalik tadqiqotchilar tirik hujayralarda ishlay oladigan to‘laqonli virus genomlarini loyihalash uchun birinchi marta generativ sunʼiy intellektdan foydalandi. Olimlar mazkur texnologiya yordamida ichak tayoqchasini o‘ldiradigan, ammo odam uchun xavfsiz bo‘lgan 16 ta yangi bakteriofag (virus) yaratdi. Bu ishlanma antibiotiklarga chidamli infeksiyalarni davolash uchun yangi imkoniyatlar ochish bilan birga, bioxavfsizlik nuqtai nazaridan qator xavotirlarni ham keltirib chiqarmoqda.

Jarayon davomida tadqiqotchilar ChatGPT kabi til modellari tamoyili asosida ishlaydigan, lekin matn o‘rniga genetik ketma-ketliklarni tahlil qiladigan Evo1 va Evo2 modellaridan foydalandi. SI DNK tuzilishidagi qonuniyatlarni bashorat qilish hamda bakteriofaglarning yangi variantlarini yarata olishi uchun unga virus, bakteriya, o‘simlik va insonning genetik kodlari o‘rgatildi. Shundan so‘ng, olimlar 302 ta eng istiqbolli variantni tanlab olib, ularning genomlarini laboratoriya sharoitida sintez qildi. Natijada SI tomonidan yaratilgan 16 ta virus E. coli (ichak tayoqchasi) bakteriyalarini zararlab, ularni yo‘q qila oldi. Tadqiqotchilar ularning taʼsirini Petri idishlarida tekshirganda, bakteriyasiz toza hududlarning paydo bo‘lishi yangi “fag”lar (bakteriofag – bakteriyalarni zararlaydigan va ularning ichida ko‘payadigan o‘ziga xos virus) faol ishlayotganini tasdiqladi.
Mazkur texnologiya kelajakda fagoterapiya – faqat maʼlum bir turdagi bakteriyalarni zararlaydigan viruslar yordamida bakterial infeksiyalarni davolash usulini rivojlantirish uchun asos bo‘lishi mumkin. Ushbu yondashuv bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi bilan bog‘liq global muammoga qarshi kurash usullaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Hayotchan virusning yaratilishi biologiyada generativ sunʼiy intellekt rivojining navbatdagi bosqichiga aylandi. Ilgari algoritmlar alohida molekulalar va antibiotiklarni topish uchun qo‘llanilgan bo‘lsa-da, hech qachon butun bir genomni yig‘ish uchun ishlatilmagan edi. Tadqiqot mualliflari murakkabroq tirik hujayralarni loyihalash ulkan mehnat talab qilishini, ammo bu endi imkonsiz emasligini taʼkidlamoqda (maʼlumot uchun, bakteriofagning genetik kodi 5400 ga yaqin asoslar juftligidan iborat bo‘lsa, inson genomi 3 milliarddan tashkil topadi).
Ayni paytda bu yutuq bioxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarni jiddiy tashvishga soldi. Xususan, Johns Hopkins markazi ekspertlari virus genomlarini yaratish texnologiyasi biologik himoya yondashuvlarini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishni talab qilishini maʼlum qildi. Ularning fikricha, asosiy xavf shundaki, xuddi shunday SI vositalari yovuz niyatli shaxslar qo‘liga tushib qolsa, insoniyatda immunitet mavjud bo‘lmagan mutlaqo yangi patogenlarni yaratishga xizmat qilishi mumkin. O‘z navbatida, tadqiqotchilar barcha ehtiyot choralari ko‘rilganini, o‘rgatuvchi maʼlumotlar bazasiga murakkab organizmlarni yuqtira oladigan viruslar kiritilmaganini va tajribalar faqat himoyalangan laboratoriyada bakteriofaglar bilan o‘tkazilganini bildirdi.