Rossiya o‘zining to‘liq raqamli suverenitetiga erishdi va endilikda AQSH va Xitoy qatorida ilovalardan tortib infratuzilmagacha bo‘lgan barcha asosiy texnologiyalarga ega. Bu haqda Rossiya Prezidenti maʼmuriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko Rossiya internet-forumida (RIF-2025) maʼlum qildi.

Kiriyenkoning taʼkidlashicha, raqamli suverenitet davlatning qidiruv tizimlari, video platformalar, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar va ilovalar do‘konini o‘z ichiga olgan to‘liq milliy infratuzilmani yaratish hamda qo‘llab-quvvatlash qobiliyatini anglatadi.
“Uch yil avval global platforma va do‘konlardan uzib qo‘yilish xavfi haqiqiy edi, chunki o‘zimizning muqobil variantimiz yo‘q edi. Bugun esa barcha zarur yechimlarga egamiz”, — dedi u.
Unga ko‘ra, bu sohada faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalarning barchasi yuridik va amaliy jihatdan Rossiyaga tegishli bo‘lib, ular savdo, taʼlim, bank xizmatlari va media kontent kabi sohalarni qamrab oladi.
Kiriyenko raqamli muhitda to‘liq mustaqillikka ega davlatlar soni «yadro klubi» aʼzolaridan ham kamroq ekanini taʼkidlab, hozirda bu “uchlik”ka faqat AQSH, Xitoy va Rossiya kirishini aytdi.
Shu bilan birga, Rossiyaning internet iqtisodiyoti ham jadal o‘sib bormoqda. Rossiya elektron kommunikatsiyalar assotsiatsiyasi (RAEK) maʼlumotlariga ko‘ra, mahalliy internet segmenti ketma-ket ikki yildan buyon 40 foizdan yuqori o‘sish ko‘rsatmoqda. Rasmiylar buni milliy platformalarning rivojlanishi va mahalliy xizmatlarga bo‘lgan ishonchning ortishi bilan izohlamoqda.
Kiriyenko Rossiya tajribasiga xalqaro miqyosda qiziqish ortayotganini ham qayd etdi. Uning aytishicha, Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan raqamli forumda 100 dan ortiq davlat vakillari Rossiyaning raqamli suverenitet modelini o‘rganish va uni o‘z mamlakatlarida joriy etish imkoniyatlariga qiziqish bildirgan.