O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida “Sunʼiy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, raqamli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va ularning sifatini taʼminlash hamda sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tahlillar SI texnologiyalaridan foydalanish va ularni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Mazkur Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga, jumladan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan:
- «Sunʼiy intellekt» tushunchasiga ilk bor rasmiy huquqiy taʼrif berilmoqda;
- Ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda;
- Maxsus vakolatli organning (regulyatorning) vazifalari aniqlashtirilmoqda;
- Axborot resurslarini yaratishda va axborot tizimlarida SIdan foydalanishning umumiy qoidalari joriy etilmoqda;
- SI texnologiyalaridan foydalanishda shaxsga doir maʼlumotlar daxlsizligini taʼminlashga doir qoidalar belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun sunʼiy intellekt texnologiyalarini yana-da rivojlantirishga, undan foydalanishning umumiy asoslarini belgilashga hamda mazkur sohada fuqarolarning huquq va erkinliklarini yana-da ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.