Pensilvaniya va Boston universitetlarining iqtisodchi olimlari sunʼiy intellektning ommaviy joriy etilishi oqibatida bozor inqirozi yuz berishi muqarrar ekanini matematik jihatdan asoslab berishdi. Tadqiqotga ko‘ra, kompaniyalar “avtomatlashtirish tuzog‘i”ga tushib qolishadi: ishchilarni bo‘shatish hisobiga xarajatlarni kamaytirishga intilib, biznes o‘zining asosiy xaridorlarini – isteʼmolchilarni daromaddan mahrum qiladi. Yaʼni odamlarning tovar va xizmatlarni sotib olish qobiliyati pasayib ketadi.

Bu esa yalpi talabning tushib ketishiga va bozordagi barcha ishtirokchilarning uzoq muddatli foydasi pasayishiga olib keladi. Mualliflar bunday inqirozni barqarorlashtirishning yagona samarali vositasi sifatida avtomatlashtirish solig‘ini joriy etishni taklif qilmoqda.

Tadqiqotchilar bir nechta raqobatchi firmalar o‘z xodimlarini sunʼiy intellektga almashtirish jarayonini aks ettiruvchi matematik model yaratdilar. Bir qarashda hammasi mantiqan to‘g‘ri: sunʼiy intellekt odamlarga qaraganda arzonroq tushadi, shuning uchun avtomatlashtirish foydani oshiradi.

Biroq mualliflar yashirin tahdidga eʼtibor qaratishdi. Ishdan bo‘shatilgan xodimlar – bu tovar sotib olishni to‘xtatgan isteʼmolchilardir. Ommaviy ishdan bo‘shatishlar boshlanganda, butun bozor bo‘ylab umumiy talab pasayadi va oxir-oqibat barcha kompaniyalar, shu jumladan, odamlarni birinchilardan bo‘lib ishdan bo‘shatgan peshqadam kompaniyalar ham katta zarar ko‘radi.

Kompaniyalar o‘ziga xos “tuzoq”qa tushadi. Har bir firma ish haqini tejashdan to‘liq foyda ko‘radi, biroq talabning pasayishidan ko‘rilgan umumiy zararning faqat kichik bir qismini o‘zida his qiladi (chunki bu zarar barcha raqobatchilar o‘rtasida taqsimlanadi). Natijada, garchi barcha biznes egalari yaqinlashib kelayotgan inqirozni ko‘rib tursa ham, hech kim birinchi bo‘lib to‘xtashga urinmaydi.

Sunʼiy intellekt qanchalik mukammallashsa, vaziyat shunchalik yomonlashadi. Tadqiqotchilar buni “bir joyda yugurish”ga qiyoslashadi: har bir kompaniya oldinga o‘tib ketish umidida kuchli AI tizimlarini joriy etadi, ammo hamma buni bir vaqtning o‘zida qilgani uchun hech kim yutmaydi. Natijada firmalarning bozordagi o‘rni o‘zgarishsiz qoladi, biroq o‘ta samarali AI tufayli ishdan bo‘shatishlar ommaviy tus oladi va odamlarning xarid qobiliyati yana-da tezroq pasayadi.

Tadqiqotchilar biznes bu muammoni mustaqil ravishda (masalan, ish joylarini saqlab qolish bo‘yicha jamoaviy kelishuvlar yoki aksiyalarni xodimlarga bo‘lib berish orqali) hal qila olish-olmasligini ham tekshirib ko‘rishdi. Xulosa umidsiz: o‘z-o‘zini boshqarish ishlamaydi. Ixtiyoriy ittifoqlar tezda parchalanib ketadi, chunki har qanday alohida firma uchun raqobat ustunligini qo‘lga kiritish maqsadida kelishuvni buzish doim foydaliroq bo‘ladi. Xodimlarning foydada ishtirok etishi ham vaziyatni birozgina yumshatadi, xolos. Bozor klassik “mahbuslar dilemmasi”ga (prisoner‘s dilemma) tushib qolgan: faqat shaxsiy foydani ko‘zlagan kompaniyalar muqarrar ravishda jamoaviy mag‘lubiyatga uchraydi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning yana bir varianti – nafaqalar yoki shartsiz bazaviy daromad (UBI). Biroq tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, bu kasallikning o‘zi bilan emas, balki faqat uning alomatlari bilan kurashishdir. Bunday to‘lovlar ishsiz qolganlarga omon qolishga yordam beradi, ammo kompaniyalarning bozordagi avtomatlashtirish ishtiyoqiga hech qanday taʼsir ko‘rsatmaydi.

Taklif etilgan barcha choralardan faqat bittasi haqiqatan ham ishlaydi – avtomatlashtirish solig‘i. Agar AI‘ga almashtirilgan har bir xodim uchun talabning pasayishidan olinmay qolgan foydaga teng miqdorda to‘lov (soliq) joriy etilsa, kompaniyalarning yondoshuvi o‘zgaradi. Ular endi umumiy bozorga yetkazayotgan zararlarini ham hisobga ola boshlaydilar. Shu bilan birga, mualliflar yig‘ilgan soliqlarni ishdan bo‘shatilgan xodimlarni yangi kasblarga qayta o‘qitishga yo‘naltirishni taklif qilmoqda. Bu o‘ziga xos “ijobiy doira” yaratadi: qancha ko‘p odam ishga qaytsa, yalpi talab shuncha kam tushadi va kelajakda soliq stavkasi ham shuncha past bo‘lishi mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan