Snowflake kompaniyasining global tadqiqotiga ko‘ra, tashkilotlarning 77 foizi sun’iy intellekt (AI) tufayli yangi ish o‘rinlari yaratganini ma’lum qilgan bo‘lsa, 46 foizi lavozimlar qisqarganini qayd etgan. Har ikki holatga (ham o‘sish, ham qisqarishga) duch kelgan kompaniyalarning 69 foizi sun’iy intellektning ishchi kuchiga ta’sirini umuman olganda ijobiy deb baholamoqda.

Image credit: businesswire.com

AI biznesga yuqori daromad ham keltirmoqda — tashkilotlar tizimga kiritilgan har 1 dollar sarmoyadan o‘rtacha $1,49 foyda olayotganini ma’lum qilgan. Biroq ularning 96 foizi hamon ma’lumotlar sifati va miqdori, xodimlar malakasi hamda eskirgan tizimlar bilan integratsiya qilish kabi ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.

Ish o‘rinlari: O‘sish va qisqarish So‘rovnomada qatnashganlarning javoblari quyidagicha taqsimlangan:

  • 42% — AI faqat yangi ish o‘rinlari yaratgan;

  • 11% — faqat lavozimlar qisqargan;

  • 35% — bir vaqtning o‘zida ham yangi ish o‘rinlari yaratilgan, ham qisqarishlar bo‘lgan.

Bu esa umumiy hisobda kompaniyalarning 77 foizida bandlik o‘sishi kuzatilganini, 46 foizida esa qisqarishlar ro‘y berganini anglatadi. Shuningdek, AI tizimlarini joriy etish darajasi ham muhim rol o‘ynamoqda: sun’iy intellektning bir nechta turlaridan foydalanadigan tashkilotlarning 75 foizi xodimlarga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatilganini qayd etgan. Bu ko‘rsatkich AIni endigina joriy qilayotganlar orasida 56 foizni tashkil etadi. Boshqacha aytganda, AI qanchalik keng va chuqur integratsiya qilinsa, umumiy ish o‘rinlari sonining ortish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.

Qaysi sohalarda o‘zgarishlar ko‘p? Ish o‘rinlarining eng katta o‘sishi texnik kasblar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda:

  • IT-operatsiyalar (56%)

  • Kiberxavfsizlik (46%)

  • Dasturiy ta’minot ishlab chiqish (38%)

Shu bilan birga, ayni shu sohalarda, shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatish (37%) va ma’lumotlar tahlili (37%) yo‘nalishlarida qisqarishlar ham kuzatilmoqda. Bu esa vazifalarning qayta taqsimlanayotganini va jamoalar tarkibi qayta tuzilayotganini ko‘rsatadi.

Rentabellik va ma’lumotlar muammosi Tadqiqot AIdan birinchilardan bo‘lib foydalana boshlaganlar allaqachon sezilarli natijalarga erishayotganini ko‘rsatdi: kompaniyalarning 92 foizi investitsiyalardan ijobiy daromad (ROI) olayotganini ma’lum qilmoqda. Tashkilotlar o‘z texnologik byudjetlarining 22 foizigacha bo‘lgan qismini AI uchun yo‘naltirishni rejalashtirmoqda.

Shunga qaramay, tashkilotlar ma’lumotlar (data) bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelmoqda:

  • 65% ishtirokchilar ma’lumotlarning tarqoqligini (bulutli va mahalliy serverlardagi ma’lumotlarni birlashtirishni) eng qiyin vazifa deb hisoblaydi.

  • 62% respondentlar ma’lumotlar sifatini nazorat qilish va ularni AI uchun tayyorlashda qiyinchiliklar borligini qayd etgan.

  • Atigi 7% qatnashchilargina o‘zlaridagi tuzilmalanmagan ma’lumotlarning (unstructured data) yarmidan ko‘pi AIda foydalanishga tayyor ekanini bildirgan.

Ma’lumotlarning tayyorgarlik darajasi bo‘yicha Hindiston (14%) yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Avstraliya va Yangi Zelandiya (12%) hamda Kanada (10%) egallagan. Texnologik bazani boshqarish ham dolzarb muammoligicha qolmoqda: xodimlarning 57 foizi kompaniya tomonidan tasdiqlanmagan AI vositalaridan (ko‘pincha shaxsiy maqsadlarda) foydalanadi. Kompaniyalarning 60 foizi esa monitoring va nazorat uchun infratuzilmaga qo‘shimcha sarmoya kiritish zarur deb hisoblaydi.

Kundalik ish jarayonlaridagi o‘rni Sun’iy intellektni joriy etish kundalik operatsiyalarga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, IT-operatsiyalar jamoalarining 62 foizi, tahlilchilar guruhlarining 59 foizi va kiberxavfsizlik mutaxassislarining 53 foizi o‘z ishida AIdan faol foydalanadi. Bu esa jarayonlar samaradorligi va sifatini sezilarli darajada oshiradi. Tashkilotlar kodni testlash (82%) va dasturiy ta’minotning umumiy sifati (80%) yaxshilanganini qayd etmoqda. E’tiborlisi, bugungi kunda yozilayotgan jami kodlarning qariyb yarmi (48%) sun’iy intellekt tomonidan generatsiya qilinmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sun’iy intellektni joriy etish nafaqat texnologiyalarni, balki puxta o‘ylangan infratuzilma va xodimlarni tayyorlashni ham talab etadi. O‘z ma’lumotlarini birlashtira oladigan, ularning sifatini oshiradigan va AIni mas’uliyat bilan joriy eta oladigan tashkilotlargina investitsiyalardan olinadigan daromadni saqlab qolishga va xodimlar sonini ko‘paytirishga tayyor bo‘ladi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan